Toshkent shahrida sifatsiz dori vositalari to‘xtatib qolindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan fuqaro 72 000 dona tibbiy buyumlarni 111 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 30 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadoni va avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish jarayonida, jami 240 million so‘mlik 29 xil nomdagi 72 389 dona tibbiy buyumlar va “Magnikum”, “Relok”, “Dizenteron” va boshqa shu kabi 867 quti dori va biologik aktiv qo‘shimchalar sotish maqsadida saqlanayotgani aniqlangan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasining tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari sifatsiz va saqlash sharoitiga amal qilinmagan bo‘lib, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
22-iyul kuni Buxoroda sotilayotgan ozdiruvchi qahvalar tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlangandi. “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari tarkibida sibutramin moddasi mavjud bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh (0)