Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov fikricha, O‘zbekistonda davlat universitetlari faoliyati samarali emas. Sababi ular tepasida turib talab qiladigan inson va kengash yo‘q.

Hikmat Abdurahmonov Toshkentdagi Team universiteti taʼsischilaridan biri va rahbari sifatida YouTube’dagi “Gashtak” loyihasiga intervyu berdi. Tadbirkor suhbat davomida O‘zbekistondagi oliygohlarda, ayniqsa, davlat universitetlarida eskicha yondashuv hanuz saqlanib qolayotganini aytdi. Uning fikriga ko‘ra, oliy taʼlim muassasasi erishadigan natijalari bo‘yicha talab kuchli bo‘lishi zarur.
“Bizda davlat korxonalari va universitetlari samarasiz tashkilotlar. Sababi ularda biznes egasi yo‘q, tepasida turib talab qiladigan inson va kengash mavjud emas. Masalan, Britaniyadagi eng yirik va nufuzli universitetlar egasi jamoatchilik. Menimcha, bu yaxshi yondashuv. Universitetlarni boshqaruvchi kengashlar paydo bo‘lishi kerak. Oliygohlar vazirlik yoki uni tepasidagi katta rahbarlarga emas, mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib, tuman, shaharga hisobdor bo‘lishi lozim. Rahbarlik qilayotgan kengashlar shaffof, ovoz berish orqali ishlashi zarur. Jamoatchilik, mahalliy kengashlar yoki xususiylashtirish orqali davlat aktivlari va universitetlari samaradorligini oshirish muhim”, dedi mutaxassis.
Hikmat Abdurahmonovning aytishicha, davlat universitetlarida talabalar vaqtining ko‘p qismi noo‘rin sarflanmoqda. Taʼlim sifati va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar ham yetarlicha.
“Talaba universitetda to‘rt yil o‘tirishi kerak emas. O‘zbekistonda anʼanaviy universitetlarda hali ham darslar haftada 5-6 kun davom etadi. Men 5-6 kun u yerda nima qilish kerak bilmayman. Bizning talabalar universitetga uch kun keladi, 2-3 “para” maʼruza eshitib, ketishadi. Qolgan payt loyihalar, o‘z startaplari ustida ishlaydi. Jamoa bilan ko‘nikmalarini rivojlantirishadi, loyihalarini himoya qiladi. Bu ularning o‘z vaqti va mustaqil hayotini boshqarishga, kelajakda nima qilishi kerakligiga qaratilgan ishlarga yo‘naltirilgan.
Dunyoda top universitetlar faoliyati kompaniyalar bilan uzviy bog‘langan. Ular taʼlim mahsulotlarini ham hatto birga chiqarishadi. Yaʼni katta korporatsiyalar universitetga kelib, buyurtma beradi. “Menga mana bunday xodimlar tayyorlab beringlar, shuncha pul beraman” deydi. Shunday hamkorlik kuchayib borishi kerak”, deydi tadbirkor.
Hikmat Abdurahmonov bugungi kunda taʼlim sohasida daromad kattaligini yashirmadi. Uning eʼtiroz bildirishicha, aksar xususiy, hatto davlat universitetlari ham taʼlim sifatini oshirishdan ko‘pa ko‘proq, ochiqchasiga pul ishlash payida.
“Minglab, 10 minglab talabalarni o‘qishga qabul qilishadi, keyin ular binoga sig‘maydi. Oqibatda uch smenlab darslar tashkil qilinyapti. Bu pul oqimini ko‘paytirish ketidan qilinayotgan harakatlar. Ammo juda qisqa muddatli strategiya. 3-5 yil soqqa qilishar, lekin keyin saralash boshlanadi. Sifatli taʼlim bermoqchi bo‘lsangiz va shu sohani yaxshi ko‘rsangiz, menimcha, mahsulotingizni, sifatingizni oshirish maqsadida pulingizni qaytib o‘sha sohaga tikaverasiz. Bu tugamaydigan siklga o‘xshaydi. Shu maʼnoda taʼlim juda yaxshi biznes emas”, deya fikr bildirdi u.
Tadbirkor davlat universitetlarida 50, 100 yillik tarix va shu davrda shakllanib kelgan maʼlum bir shablonlar borligiga urg‘u berdi. Mutaxassis fikricha, shablonlarni o‘zgartirish murakkab kechadi.
“Davlat universitetlari binolariga kirganmisiz? Tor koridor va chap-o‘ngga qaraganingizda sinflar, sinflar, sinflar. Talabalarning 70-80 foiz vaqti o‘sha sinflar ichida o‘tadi. Bu noto‘g‘ri. Bu konveyer va industrial yondashuv. Mazkur yondashuv yaxshi natijaga olib kelmaydi. Endi zamonaviy universitetlarga qaraylik. Masalan, Buyuk Britaniyadagi universitetlarga kirsangiz, juda jozibador. Hattoki universitetga keldimmi yo qanaqadir zamonaviy kovorking markazidamanmi, deb tushunmay qolasiz. Ochiq muhit, muloqot uchun sharoitlar qilingan.
Bu universitetlarning qo‘shimcha funksiyalari oldinga o‘tayotganini ko‘rsatyapti. Demak, talabalar universitetga muloqot, bir-biri bilan gaplashish uchun kelyapti. Ko‘proq koridorlarda gaplashishyapti, ko‘proq klublar, qanaqadir hamjamiyatlar ochishyapti. Zamonaviy taʼlimda talabalarning universitetda o‘tkazayotgan vaqti juda jiddiy, keskin o‘zgargan. Shuning uchun haligi eskicha konveyer yondashuv qilayotgan universitetlar yo o‘ladi, yo samarasiz bo‘lib qoladi. Sifatli universitetlar, kuchli universitetlar rivojlanishda davom etadi va barqaror, jamiyatning juda muhim qismiga aylanib boraveradi”, dedi tadbirkor.
Avvalroq oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekistonda talabga javob bermaydigan, davlatga tegishli 20 ta universitet yopilishini aytgandi. Vazir yopilishi kutilayotgan universitetlar bitiruvchilarining atigi 5–10 foizi ish bilan taʼminlanayotganini taʼkidlagan. Shu bilan birga, Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘quv sifatini yetarlicha taʼminlay olmaganimiz sabab sirtqi taʼlim tugatilganini maʼlum qilgandi.
Hozirda O‘zbekistonda jami 201 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 100 tasi davlat, 71 tasi xususiy oliygohlar, qolgan 30 tasi xorijiy universitetlar filiallari hisoblanadi.
Izoh (0)