Joriy yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 807,9 trln so‘mdan ortdi. Bu 2024-yil mos davridagidan 7,2 foiz yuqori.
Statistika qo‘mitasi tahliliga ko‘ra, olti oyda sanoatda ishlab chiqarish hajmi 6,6 foiz oshdi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 4 foiz, qurilish 10,7 foiz o‘sdi. Xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘sish surʼati 8,2 foizni tashkil etdi.
Ishlab chiqarish hajmlari
Yarim yil mobaynida korxonalar tomonidan 488,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sohadagi umumiy ko‘rsatkichning 85,1 foiz ulushi ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Olti oy davomida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot (xizmat) lari hajmi 194,9 trln so‘m so‘mga yetdi. Bunda asosiy ulush (188,8 trln so‘m) dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida mamlakatda 137,5 trln so‘mdan ortiq qurilish ishlari bajarilgan. Shundan 71,6 trln so‘mlik (52,1 foiz) qurilishlar kichik korxonalar va mikrofirmalar tomonidan amalga oshirilgan.
Inflyatsiyaga taʼsir qilgan omillar
2025-yil yanvar–iyunida respublikda inflyatsiya darajasi 4,2 foizni tashkil etgan (2024-yil mos davrida 5,2 foiz edi). Bu davrda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,7 foiz qimmatlashib, inflyatsiya darajasini 0,77 foiz oshirgan. Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari esa 3,1 foizga ko‘tarilib, inflyatsiya 0,98 foiz o‘sishiga olib kelgan.
Yarim yil mobaynida xizmatlar narxlari 10,7 foiz qimmatlashdi. Buning natijasida umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 2,43 foiz o‘sdi.
Olti oyda turar-joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlari 2024-yil dekabrdagidan 13,2 foiz qimmatlashgan. Transport xizmatlari narxi 9 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari qiymati 1,5 foiz oshgan.
O‘tgan davrda restaran va mehmonxonalar xizmatlari narxlari 5,4 foiz, axborot va aloqa 5,3 foiz, taʼlim 3,9 foiz qimmatlashgan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash xizmatlari narxi 4,1 foiz, maishiy tovarlar va xizmatlar esa 4,8 foiz oshgan.
Tashqi savdo aylanmasi
Olti oy ichida O‘zbekiston eksporti hajmi 16,9 mlrd dollarni (o‘tgan yil mos davridagidan 29,1 foiz ko‘p) tashkil etdi. Import esa 20,1 mlrd dollar (2024-yil I yarimidagidan 7 foiz oshgan) bo‘ldi.
Eksport tarkibida tovarlar eksporti 76 foiz ulushga ega. Shundan oltin eksporti qariyb 38,4 foizni tashkil etgan.
Import tarkibida mashinalar va transport asbob-uskunalari ulushi eng yuqori — 32,9 foiz.
Korxona va tashkilotlar soni
2025-yil 1-iyul holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlar soni 463 mingtani tashkil etdi. Shundan 393,4 mingtasi kichik korxona va mikrofirmalardir. Mazkur raqamlarda fermer va dehqon xo‘jaliklari inobatga olinmagan.
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p korxonalar Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda —103 ming 957 ta.
Eng ko‘p korxonalar savdo sohasida — 151 ming 189 ta. O‘z navbatida sanoatda 59 ming 10 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida 34 ming 779 ta, qurilishda 29 ming 400 ta korxona ishlamoqda.
“2025-yil yanvar–iyun oylarida respublikada 43,3 mingta korxonalar va tashkilotlar ochildi. Shundan kichik korxona va mikrofirmalar soni 40,3 mingtani tashkil etdi”, deyiladi Statistika agentligi sharhida.
Joriy yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 16 ming 685 taga yetdi. Ulardan 4 ming 124 tasi qo‘shma, 12 ming 561 tasi xorijiy korxonalardir.
Izoh (0)