Hindistonning Karnakata shtatida yashovchi 38 yoshli ayolda hech kimda uchramaydigan qon guruhi aniqlandi. Bu haqda The New Indian Express xabar berdi.

Yangilik ayolni operatsiyaga tayyorlash jarayonida qayd etilgan. Bemorning qoni keng tarqalgan O Rh+ sifatida belgilangan. Biroq mavjud donor namunalari orasida birortasi ham qon quyishga mos kelmagan.
Zamonaviy serologik usullardan foydalanib, jamoamiz uning qoni barcha test namunalari bilan mos kelmaydigan ‘panreaktiv’ ekanini aniqladi. Buni kam uchraydigan yoki noma’lum qon guruhining ehtimoliy holati deb hisoblab, mos keladiganini topish uchun bemorning 20 nafar oila a’zosidan qon namunalarini oldik, ammo ularning hech biri mos kelmadi, dedi Kolar klinikasi jarrohi Ankit Matur.
Ta’kidlanishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va qon quyishga zarurat tug‘ilmagan. Shifoxona bemorning qon namunalarini Bristoldagi (Buyuk Britaniya) Xalqaro qon guruhlari referens laboratoriyasi (IBGRL) va Bangalordagi qon markaziga yuborgan.
Olimlar 10 oy davomida molekulyar tadqiqotlar o‘tkazib, ilgari noma’lum bo‘lgan CRIB nomli qon guruhi antigenining kashf etilganini tasdiqlagan. Bu kashfiyot 2025-yil iyun oyida Milanda (Italiya) bo‘lib o‘tgan Xalqaro qon quyish jamiyatining (ISBT) 35-mintaqaviy kongressida taqdim etilgan.
Hindistonda noyob qon guruhlariga ega ixtiyoriy donorlar reyestri tashkil etilgan. Kelajakda CRIB guruhi aniqlangan boshqa bemorlar bo‘lsa, ular ushbu ro‘yxatga kiritiladi. Ba’zi immunologlar noma’lum bo‘lgan qon guruhining paydo bo‘lishiga Hindistonda saqlanib qolgan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.
Izoh (0)