Qarshida jinoyat sodir bo‘ldi: o‘g‘rilikka kirishdi, hech narsa olishmadi, gumonlanuvchilarni izlayotgan IIB esa kechasi ko‘chada yurganlarni ham so‘roqqa chaqirib, hech bo‘lmaganda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- va 194-moddalari bilan ayblab, birin-ketin qamamoqda. Bu haqda “Daryo”ga so‘roqqa chaqirilib, IIB xodimiga bo‘ysunmadi, mayda bezorilik sodir etdi deya navbatchi ayblovlar bilan 7-10 sutkaga qamalgan fermerlar gapirib berdi.
Fermerlarning ma’lumot berishicha, 2024-yilning 25-noyabr kuni tumanning Charog‘il qishlog‘idagi xonadonlarning biriga o‘g‘rilikka tushilgan. Lekin hech narsa o‘g‘irlanmagan. O‘g‘rilikka kirgani aytilayotgan uch kishi xonadonning yoshi keksalaridan biriga tan-jarohati yetkazgan. Xonadon egasining yosh qizi uyidan yashirincha chiqib, qo‘shnilariga xabar berishi sabab gumonlanuvchilar voqea joyidan qochib ketgan. Viloyat hamda tuman IIBlaridan iborat maxsus guruh o‘shandan beri gumonlanuvchilarni izlamoqda. Qishloqda kechki payt ish bilan ko‘chaga chiqqan odam borki, IIB xodimlari gumoniga sabab bo‘lib, birin-ketin qamalmoqda.
Qarshi tumanidagi Charog‘il qishlog‘ida yashayman. Hududdagi “Parizoda Ro‘ziqulova” fermer xo‘jaligida ish boshqaruvchiman. 25-noyabr kuni qishlog‘imizda noxush holat sodir bo‘ldi. Ammamning o‘g‘li Nurbeknikiga kimlardir o‘g‘irlik maqsadidami yoki boshqa maqsaddami kirgan ekan. Ertasi kuni bu holatdan xabar topdim. Ertalab qishlog‘imizdagi hamma fuqarolarni, aynan bizni ham chaqirishdi. Qishlog‘imizdagi “uchastkavoy” xonasiga borganimda Abror ismli tergovchi meni mashinasida tuman IIBga olib ketdi. Tuman IIB binosida 1,5 soat shunchaki ushlab turishgach, keyin xonaga olib kirishdi. Shu kuni yarim kechasi 12 dan o‘tib, uyga javob berishdi. Ertasi kuni yana chaqirishdi. Bu safar qishlog‘imizdagi madaniyat saroyiga chaqirishdi. U yerda yana so‘roq qilishdi. Qo‘llarimizdan “otpechatka” olishdi. Keyin tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari bizga yana tuman IIB binosiga borasizlar dedi. Undan keyin viloyat hokimi majlisi bor, o‘sha yerga ketasizlar dedi. Shundan so‘ng bizni militsiya bo‘limiga olib ketishdi. Soat taxminan 09:30 larda yetib bordik, — deydi voqeani gapirib bergan fermer Bekzod Farmonov.
Fermerning aytishicha, ular Qarshi tuman IIBga olib borilib, ichkariga kirish paytida hech qanday ro‘yxatdan o‘tmagan. Ularni chaqirganda ham chaqiruv qog‘ozi jo‘natilmay, telefon orqali chaqirishgan.
U yoqqa borganimizda postdagi odamga telefondan xabar qilishib, bizni registratsiya qilish shartmasligini aytishdi. Men yaqinroqda turganim uchun bu gapni eshitdim. Keyin ichkarida yana shunchaki olib o‘tirishdi. Ishlarimiz qolib ketayotgani uchun navbatchilik qismiga borib, “Bizlarni registratsiya ham qilmadingiz. Aslida fuqaroni necha soatgacha ushlab turishlaringiz mumkin”, deb so‘radim. Sudda aynan shu gapim uchun menga 7 sutka qamoq jazosini berishdi. Qozi buvaga ham shuni aytdim, agar shu savolim aybim bo‘lsa, mayli men aybdorman dedim. Xullas, navbatchilik qismiga borib, shu gapni aytganimdan so‘ng oradan 1,5 soat vaqt o‘tib, bizni uchta hudud “uchastkavoyi” bitta-bitta qilib, olib ketdi. Sudga olib borib, uchalovimizni ham aybdor qilishdi va men va yonimdagi bir fermerga 7 sutkadan, yana bir fermerga esa 10 sutka qamoq jazosini berishdi, — deydi fermer.
Yana bir suhbatdosh fermer Jamshid Qiyomovning aytishicha, u ham shu jinoyat ishi bo‘yicha tergovga chaqirilgan. Huquqlarini talab qilgach esa profilatika inspektorlariga bo‘ysunmadi, mayda bezorilik qilishda ayblashgan.
O‘zim fermerman. Qishlog‘imizda o‘g‘rilik bo‘lgach, avval yo‘l transport hodisasi sodir etib sudlanganim uchun meni ham chaqirishdi. Tushuntirish xati olishdi. Keyin ertasi kuni madaniyat markaziga yana chaqirishdi. Uch-to‘rt marta suhbat qildik. U yerda ham tushuntirish xatlari yozdim. Hamma narsa bo‘lgandan keyin, yana chaqirishib, kun bo‘yi olib o‘tirishdi. 28-noyabr kuni yana chaqirib, tuman markaziga borasiz deyishdi. IIBga olib borishgach, bizni registratsiya qilishmadi. Yana to‘rt soat o‘tdi. Keyin haqqimizni talab qildik. Qo‘lda tushuntirish xati yozsak, kompyuterda yozmasangiz bo‘lmaydi deyishdi. Yana “uchastkavoy” xonasiga bordik. Yakunda esa IIB xodimlariga bo‘ysunmadi deb ayblashdi, — deydi Jamshid Qiyomov.
Ma’lum bo‘lishicha, sudda ko‘rsatma bergan profilaktika inspektorlari Jamshid Qiyomov ularga bo‘ysunmaganini aytgan.
Bo‘ysunmadi bizlarga, guvohimiz ham bor deb guvohini chaqirishdi. Aslida u guvoh kun bo‘yi Ichki ishlar xodimlari bilan birga yurgandi. Buni bilish uchun kameralarni ko‘raylik dedim. Sudya bu gapimga e’tibor ham bermadi. Shu guvoh ko‘chadan o‘tib ketayotganida uchastkovoyning xonasida baqir-chaqir bo‘lganini, men ularga bo‘ysunmaganimni aytdi. Aslida bunday voqea umuman bo‘lmagan. Kameralarni ko‘rishsin dedim. Lekin sudya menga quloq solmadi, eshitmadi ham. Shu sabab sudga ham ishonchim qolmadi. Men noroziman, ikkita ichki ishlar xodimidan ham noroziman, — deydi u.
Anvar ismli fermerning aytishicha, u ham tergovga chaqirilib, hech qanday muammo topilmagach, IIBga xizmat qilishi taxmin qilingan ayolga ro‘baro qilingan. Va ayolga tegajog‘lik qilishda ayblanib, 10 sutkaga qamalgan.
Barcha tushuntirish xatlarini yozib bo‘lganimdan keyin “uchastkavoy” bilan birga ketayotgan edik. Shunda “uchastkavoy” men shoshyapman, mashinamni yuvishim kerak deya mashinasi toza bo‘lsa-da meni o‘sha yerda tushirib ketdi. Ko‘p o‘tmay bir ayol menga kelib urilib, baqir-chaqir qilib, shantaj qila boshladi. Meni tashlagan uchastkavoy tezda yetib kelib, shu ishni so‘roq qilishini aytib, hujjatlarni tayyorlab, sudga olib borishdi. Va 7 sutkaga qamashdi, — deydi u.
Bekzod Farmonovning aytishicha, uning aybsiz qamalib chiqqani oilasiga, aynan farzandlariga yomon ta’sir qilgan.
Mening ro‘zg‘orim juda tahlikali bo‘lib qolgan. Begona nomerdan telefon kelsa, javob berisholmaydi. Qo‘rqib qolishgan. Men bir hafta noqonuniy qamalganimdan qiynalmadim, lekin onam tunni qanday o‘tkazganini, farzandlarim qiynalganini ko‘rib, azoblandim. O‘sha kuni sudda sudya ham bizni eshitmadi. Shu sabab bugun videochiqish qilib, yana beayb kimlarningdir ro‘zg‘orida, onasi yoki farzandi aziyat chekmasin deyapman, — deydi Bekzod Farmonov.
“Daryo” jurnalisti bilan 2024-yilning 2-dekabr kuni suhbatlashgan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova Charog‘il qishlog‘ida 25-noyabrda jinoyat sodir etilganini tasdiqladi. Biroq bundan ortiq ma’lumot berolmasligini, qo‘shimcha axborot tergov ishiga xalal berishi mumkinligini bildirdi. Jinoyat ishi ochilgach, bu haqda ommaga, aynan “Daryo” tahririyatiga batafsil axborot berishini ham aytdi. 13-dekabr kuni viloyat IIBga qilingan bu haqdagi so‘rov javobsiz qoldi.
Maqola e’lon qilinayotgan paytda “Daryo” muxbiri bilan bog‘langan fermerlar qishloqda sodir etilgan jinoyat hamon ochilmaganini, endi qishloqdagi keksa yoshli kampirlar ham so‘roqqa chaqirilayotganini, aholi bundan bezovta bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.
Izoh (0)