O‘zbekistonda 2025-yilda 4,5 mingta bino va 6 ming gektar yer tadbirkorlarga taklif qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2024-yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar 2024-yilda 11,5 trillion so‘mlik 3 mingta davlat mulki va 4 ming gektar yerni sotib olib, biznesini boshladi.
Uzoq yillardan beri davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb qilish ishlari kengaytiriladi. Bu yil 260 kilometr yo‘llarni saqlash ishlari tadbirkorlarga berildi. Kelasi yili bu 3 ming kilometrga yetkaziladi.
“Tashabbusli byudjet” doirasida yo‘llarni ta’mirlash ishlarining 92 foizi xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshirildi. Bu 100 foizga yetkaziladi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan 841 kilometr yo‘llar to‘liq mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Prezident mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini ta’kidladi. Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur bo‘lmasin, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi.
Shuningdek, 1-yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10 foiz) bekor qilinadi. Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga ikki karra yer solig‘ini hisoblash to‘xtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yilga ozod etiladi.
Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytiriladi. Xususiy maktab va bog‘chalar, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030 yilgacha amal qiladi.
Izoh (0)