Shimoliy koreyalik erkak 3-iyul kuni dunyodagi eng xavfli chegaralardan birini kesib, Janubiy Koreyaga qochib o‘tdi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Qurolsiz bo‘lgan noma’lum erkak kuchli qurollangan demilitarizatsiya zonasini kesib o‘tgan. Janubiy Koreya harbiylari uni chegaraning markaziy-g‘arbiy qismi yaqinida ta’qib qilgan. Shundan so‘ng erkak hududdan xavfsiz o‘tishi uchun unga ko‘rsatmalar berilgan. Keyin esa u hibsga olingan.
Ta’kidlanishicha, erkak qochishga urinayotgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. Bu haqda BMT qo‘mondonligi xabardor qilingan. Shimoliy Koreya tomonida noodatiy harakat kuzatilmagan. Ushbu hodisa Janubiy Koreyaning Shimol borasidagi strategiyasi tanqidga uchrayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Janubiy Koreyaning liberal prezidenti Li Chje Myon 11-iyun kuni lavozimga kirishganidan beri Pxenyan bilan ziddiyatlarni yumshatish choralarini ko‘rmoqda. U Shimolga xabar beradigan radiokarnay translyatsiyasini to‘xtatgan. Shuningdek, demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi havo sharlari uchirilishi taqiqlangan. Tanqidchilarning ogohlantirishicha, Seulning pozitsiyasi Kim Chen In rejimi tomonidan noto‘g‘ri qabul qilinishi mumkin.
So‘nggi haftalarda Shimoliy Koreya janubga sigaret qoldiqlari va bolalar tagliklari kabi chiqindilar bilan to‘ldirilgan minglab havo sharlarini uchirgan. Bu haqda The Wall Street Journal xabar tarqatgan.
Ikki Koreya mamlakatlari chegarasidagi hodisalar ham tez-tez uchramoqda. Aprel oyida Shimoliy Koreyaning 10 nafar askari harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tishga harakat qilgan. Biroq ogohlantiruvchi o‘qlardan so‘ng ular ortga chekingan. 2024-yili ham 3 ta shunga o‘xshash hodisalar sodir bo‘lgan.
Izoh (0)