Shimoliy Koreya so‘nggi paytlarda tez-tez raketa uchirayotgani tufayli, Janubiy Koreya uning 15 nafar fuqarosi va 16 ta tashkilotini qora ro‘yxatga kiritdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishalr vazirligi xabar berdi. Bu 2017-yildan buyon Janubiy Koreya tomonidan KXDRga qarshi kiritilayotgan birinchi sanksiyalardir.
Ro‘yxatga mamlakat yadro va raketa ishlanmalariga hissa qo‘shgan hamda BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalaridan bosh tortishga aloqador bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar kirdi.
“Hukumat Shimoliy Koreya tomonidan misli ko‘rilmagan darajada tez-tez amalga oshirilayotgan va taktik yadro qurolini qo‘llashni ko‘zda tutadigan raketa provokatsiyalarini qat’iyan qoralaydi”, — deyiladi idora xabarida.
Seul 2015-yildan 2017-yilgacha Pxenyanga qarshi besh marta sanksiyalar kiritgan, ular 109 nafar jismoniy va 89 ta yuridik shaxslarga ta’sir qilgan.
Avvalroq Kim Chen In taktik yadro bo‘linmalarining harbiy tayyorgarligini ko‘zdan kechirgan edi. Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen In AQSH va Janubiy Koreya bilan muzokaralar olib borishdan manfaatdor emasligini ochiq aytgan.
“Bizda dushmanlar bilan muloqot qilish uchun asos yo‘q, bunga ehtiyoj ham sezmayapmiz”, — deya uning so‘zlarini keltiradi OAV.
13-oktabr kuni esa uzoq masofali qanotli raketalar sinovdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi, ushbu jarayonga Kim Chen In shaxsan rahbarlik qilgan.
Koreya yarim orolidagi keskinlik oxirgi paytlarda kuchaydi. Pxenyan sentabr oyi oxiridan beri Janubiy Koreya va AQSHning harbiy mashg‘ulotlariga javoban muntazam ravishda ballistik raketa uchirmoqda. Shuningdek, Shimoliy Koreya yaqin kelajakda yadroviy sinov o‘tkazishi mumkinligidan xavotirlar kuchaymoqda.
Izoh (0)