Isroil hukumatini 1999-2001-yillarda boshqargan Exud Barak yaqinda Eron bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urushga munosabatini bildirdi. Siyosatchi Bild nashriga intervyu berdi.

Barakning fikricha, Eronga qilingan hujumda belgilangan maqsadlarga to‘liq erishilmagan:
Bu qurolli kuchlarimizga — ayniqsa havo kuchlari, razvedka va “Mossad” uchun katta yutuq bo‘ldi. Hujum Isroilning mintaqadagi va dunyodagi mavqeyini mustahkamladi — eronliklar nazdida ham. Biroq ikkita asosiy maqsadga to‘liq erishilmagan.
Eronning harbiy yadroviy dasturiga jiddiy zarar yetkazildi, ammo u butunlay yo‘q qilinmadi. Eron texnik jihatdan yuqori bilim va taxminan 400 kilogramm boyitilgan uran bilan yadro qurolini yaratish arafasida turgan davlat bo‘lib qolmoqda, dedi Isroil sobiq bosh vaziri.
U Eron yadro qurolini qo‘lga kiritishiga “ko‘pchilik o‘ylaganidan ham qisqaroq” vaqt qolganini aytdi. Bundan tashqari, Eron hali ham raketalar va ularni uchirish moslamalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligini bildirdi. Bu esa Isroil bilan Eron o‘rtasidagi mojaro hali yakuniga yetmaganini anglatadi.
Bu yangi kitobning faqat birinchi bobi bo‘lib, davomi noaniq. Urushlar ko‘pincha olqishlar va soxta g‘alaba bilan boshlanadi, ammo keyingi voqealar rivojini bashorat qilib bo‘lmaydi, dedi u.
Barak kelajakdagi ehtimoliy ssenariylardan biri sifatida Eronning kutilganidan ham tezroq yadroviy davlatga aylanishidan xavotirda:
Eron so‘nggi voqealardan saboq chiqarib, yadroviy qurolga intilishini tezlashtirishi mumkin. Mamlakatning o‘zini o‘zi himoya qilishi bunga asos bo‘ladi, deya ta‘kidladi u.
Yana bir ehtimoliy variant — uzoq davom etadigan holdan toydiruvchi urush bo‘lib, unda Isroil harbiy-havo kuchlari muntazam ravishda Eron nishonlariga hujum qiladi, havo mudofaasi esa Eron raketa zarbalarini qaytarish bilan shug‘ullanadi.
Exud Barakning aytishicha, Eron o‘z navbatida Shimoliy Koreya yoki Pokiston yordamida o‘zining raketa kuchlarini qayta tiklashi mumkin.
Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush
Isroil 13-iyundan boshlab Eronga tinimsiz hujum qilib, uning yadroviy obyektlari, mudofaa tizimlari, yuqori martabali harbiy amaldorlari va yadrochi olimlarini nishonga oldi. Hujumlar oqibatida kamida 627 kishi, jumladan, ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, deb xabar berdi Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi.
22-iyun kuni AQSH Isroilning harakatlariga qo‘shilib, uchta asosiy obyektga — Fordo, Natanz va Isfahonga aviazarbalar berdi. Hujumda bunker bombalardan ham foydalanildi. Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Jon Retkliff operatsiya Eron yadroviy dasturiga jiddiy zarar yetkazganini ma’lum qildi. Zarbalardan ko‘p o‘tmay AQSH prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qildi, buni ikkala tomon ham tasdiqladi.
Izoh (0)