Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari oralig‘idagi Taxtaqoracha dovonida tunnel qurish bo‘yicha tender davom etmoqda. Jarayonda uchta kompaniya daʼvogarlik qilyapti. Bu haqda joriy yil 11-iyuldagi parlament yig‘ilishida transport vaziri Ilhom Mahkamov maʼlum qildi.

Ilhom Mahkamovning aytishicha, tunnel uzunligi 7 kilometr bo‘ladi. Qurilish davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshiriladi. Tunneldan pulli yo‘l sifatida foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
“Tunnel qurishga talabgorlarda texnik-iqtisodiy asoslarini taqdim qilish masalasi qoldi. Avgust oyida uchta talabgordan biri g‘olib deb topiladi va u bilan tunnel qurish ishlari boshlanadi. Mukammal ishlab chiqilayotgan loyihaviy ishlarni bu yil bitkazib, talabgorni aniqlab, u bilan shartnoma tuzamiz”, dedi vazir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 11-iyuldagi yig‘ilishda Taxtaqorachada tunnel qurish bo‘yicha to‘rt yil avval topshiriq berilgani, ammo hali loyiha ham mavjud emasligini tanqid qilgandi. O‘sha yilning oktyabr oyida Qashqadaryo viloyatidagi yig‘ilishda yana bir bor mazkur tunnel masalasi ko‘tarilgan. Mutasaddilarga Taxtaqoracha dovonidan o‘tish talablarini yengillashtirish topshirig‘i berilgan.
“Kelgusi yilda Taxtaqoracha dovonida yangi tunnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanadi. Xitoylik investorlar bilan birga Samarqand bilan Shahrisabzni bog‘lovchi 30 kilometr yo‘lni taʼmirlash ishlari boshlanadi. Shuningdek, G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan 100 kilometr qismini taʼmirlashga 122,5 million dollar jalb qilinadi. Umuman, kelgusi yilda xorijiy sayyohlarni 500 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi”, deya xabar bergandi prezident axborot xizmati.
Ilhom Mahkamovning aytishicha, loyiha kechikayotgani qurilish hududining geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Vazir deputatlarni tez orada tunnel qurilishi boshlanishiga ishontirdi.
Izoh (0)