AQSHning Texas shtatida yuz berayotgan toshqinlar oqibatida halok bo‘lganlarning soni 82 nafarga yetdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Halok bo‘lganlar orasida Kerr okrugida yashovchi 28 nafar bola bor. Quyida 6-iyul kungi qurbonlarning okruglar bo‘yicha taqsimoti keltirilgan:
- Kerr okrugida 68 ta;
- Travis okrugida 6 ta;
- Burnet okrugida 3 ta;
- Kendall okrugida 2 ta;
- Uillyamson okrugida 2 ta;
- Tom Grin okrugida 1 ta o‘lim.

Shtat gubernatori Greg Ebbottning aytishicha, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Suv toshqinlari va kuchli yomg‘ir Texasning ba’zi qismlarida yana davom etadi. Rasmiylar Kerr okrugidagi Xant jamoasi aholisini suv toshqini ehtimoli tufayli 7-iyul kuni tushdan keyin balandroq joyga ko‘chib o‘tishga chaqirmoqda. Texas havo-desant qutqaruv ekipajlari 4-iyuldan beri qutqaruv ishlarini tun-u kun olib bormoqda.
“Qutqaruv ishlari to‘xtovsiz amalga oshirilmoqda. Vertolyot qutqarilganlarni tezda xavfsiz joyda qoldirib, yana qolganlarning hayotini saqlab qolish uchun tinimsiz harakat qilmoqda. Bu mening hayotimdagi eng muhim vazifa”, dedi qutqaruvchilardan biri.
Milliy ob-havo xizmati aholini “hayot uchun xavfli suv toshqini” haqida ogohlantirgan. 4-iyul kuni olingan xronometraj Texasning Kingslend shahridagi Llano daryosi bo‘ylab toshqin suvlari qanchalik tez ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Suv toshqini 4-iyul ertalab Guadalupe daryosi bo‘yida, San Antoniodan 100 km shimoli-g‘arbda boshlangandi. Kuchli yomg‘ir sabab suv daryo qirg‘oqlaridan chiqib, oromgohlar, yo‘llar va uylarni bosgan. Falokatdan eng ko‘p zararni Kerr, Travis, Burnet va Kendall okruglari ko‘rgan.

Izoh (0)