Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yerga Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham keldi.

Ag‘dam shahri Ozarbayjonning g‘arbiy qismida, Qorabog‘ tumanida joylashgan. 2021-yildan boshlab shahar infratuzilmasi faol tiklanmoqda: yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, uy-joylar, maʼmuriy binolar qurilmoqda.

“Imorat” majmuasida Qorabog‘ xonligi asoschisi Panoh Alixonning saroyi va maqbarasi joylashgan. 2024-yilda majmua restavratsiya ishlari va arxeologik tadqiqotlardan so‘ng qayta ochildi.

Bu yerda Qorabog‘ tulporlari parki va interaktiv muzey tashkil etilgan.

Yetakchilar majmuada yaratilgan sharoitlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Mehmonlar eʼtiboriga Ozarbayjon Qorabog‘ining boy madaniyati va anʼanalarini aks ettiruvchi Qorabog‘ tulporlari ishtirokidagi “Zafar” nomli madaniy dastur taqdim etildi.


Izoh (0)