Samarqand viloyatida 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu hqda O‘zA xabar berdi.

Keltirilishicha, Samarqand viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Kengash a’zolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar va bu boradagi qonunchilik ijrosini o‘rganish yakunlari tahlil etildi.
Tegishli dasturlar doirasida bandlik organlari va hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan viloyatdagi bank muassasalari tomonidan 2023-2024-yillar va joriy yilning 4 oyida 98 ming fuqaroga 1 trillion 803 milliard so‘m kreditlar ajratilgan, 12,1 ming nafar yurtdoshga 63 milliard so‘mlik subsidiyalar berilgan va 207 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.
Qayd etilishicha, sohada manfaatlar to‘qnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar saqlanib qolmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qo‘shib yozilishi aniqlangan va buning natijasida 80 dan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi (19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi). 3 milliard so‘mlik subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelsada, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmagan.
Bandlik organlarining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan. Bunday holatlarga asosan Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur Samarqand va Payariq tumanlarida yo‘l qo‘yilgan.
2023-2024 yillarda byudjet mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalardan sotib olingan 63 milliard so‘mlik asbob-uskunalar joylarga olib borilib, hokim yordamchilari ishtirokida ishsiz fuqarolarga topshirilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ammo ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarga yordam tariqasida subsidiyalar berish yo‘nalishida ham suiiste’mollikka yo‘l qo‘yilayotgani kuzatilmoqda.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunda davlat muassasalari xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq, ayniqsa, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Ammo bandlik organlarining 12 nafar xodimi va 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilib, boshqarib kelgan.
Yig‘ilishda mazkur holatlar yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlaridan izoh so‘raldi.
Korrupsiyaga qarshi choralar
O‘zbekistonda korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etiladi.
Korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha “Andijon tajribasi” asosida barcha hududlar tomonidan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ijroga qaratilgani, korrupsiyaning oldini olish, ayniqsa, maishiy korrupsiyaga barham berish, hududlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratish maqsadida yangi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tuzilgan Respublika va hududiy ishchi guruhlarining vazifalari birma-bir ta’kidlab o‘tilgan.
O‘zbekistonda korrupsiya jinoyatligiga qaramay respublika dunyoning eng korrupsiyalashgan davlatlaridan biriligicha qolmoqda. Bu haqda Transparency International tashkiloti eʼlon qilib kelayotgan indekslarda qayd etilgan. Masalan, tashkilotning 2024-yilda 180 ta davlatni qamragan korrupsiya reytingida O‘zbekiston 121-o‘rinni egallagan. Umumiy 100 ballik baholashdan bor–yo‘g‘i 32 ball to‘plagan. Jami 50 balldan past natija davlatda korrupsiya yuqori darajada ekanini anglatadi. Shu bois, muammoga qarshi kurashish bugun yanada dolzarb ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masala keng tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, hozir O‘zbekistonda korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda. Jumladan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p.
Izoh (0)