Nepalda 7-iyul kuni kuchli yomg‘ir oqibatida yer ko‘chkilari sodir bo‘lib, tabiiy ofatda 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, mamlakatda kuchli yog‘in 36 soatdan ortiq davom etgan. Asosan tog‘li hududlardan tiborat mamlakatda yer ko‘chkilari sodir bo‘lib, muhim magistrallar to‘silib qolgan.
Nepal politsiyasi matbuot kotibi Dan Bahodur Karki bayonotiga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan. Kamida 12 kishi jarohatlanib shifoxonalarga yotqizilgan.
“Qutqaruvchilar ko‘chkilarni tozalash va yo‘llarni ochishga harakat qilmoqda. Tog‘li hududdagi viloyatlar tashqi dunyodan uzilib qolgan”, — degan Bahodur Karki Reuters agentligiga bergan intervyusida.
Kuchli yomg‘ir oqibatida Nepal janubi-sharqidan oqib o‘tuvchi Koshi daryosi o‘zanidan toshib ketgan. Bu esa Hindiston sharqidagi Bihar shtati uchun juda halokatli signal. Deyarli har yili pasttekislikda joylashgan Bihar hududi Koshi daryosi toshishi ortidan toshqinlarga duchor bo‘ladi.
“Koshida suv hajmi ko‘paymoqda va biz aholidan suv toshqinlari haqida ogoh bo‘lishni so‘radik”, — degan Sunsari tumanining yuqori lavozimli amaldori Bed Raj Phuyal.
Rasmiylarning aytishicha, Nepal g‘arbidagi Narayani, Rapti va Mahakali daryolari suv sathi ham ko‘tarilgan. Shuningdek, mamlakatga chegaradosh Hindistonning Sikkim viloyatida ham katta hajmli toshqinlar tufayli favqulodda holat eʼlon qilingan.
Izoh (0)