O‘zbekistonda 2024-yilda va 2025-yilning dastlabki uch oyida chiqindi tozalash xizmatlaridan “Yagona elektron tizim” orqali 1,38 trillion so‘mlik tushum qayd etildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Dilnoza Komilova 2024-yil va 2025-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi.
Brifingda qayd etilishicha, maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash maqsadida 2024-yilda va joriy yil boshida 313 ta maxsus texnika, 3 800 dan ortiq konteyner, 3 ta chiqindi saralash hamda 11 ta qayta ishlash uskunasi xarid qilinib, sanitar tozalash korxonalariga yetkazildi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Toza makon” yagona billing tizimi va mobil ilovasi ishga tushirildi. Tizim elektron to‘lov xizmatlari bilan to‘liq integratsiyalashgan bo‘lib, foydalanuvchilarga onlayn to‘lovlarni amalga oshirish va hisobvaraqlarni real vaqt rejimida ko‘rish imkonini beradi.
Bugungi kunda mamlakat bo‘yicha 7,2 millionta abonent, ya’ni 63 foiz aholiga sanitar tozalash xizmati ko‘rsatilmoqda. “Toza makon” tizimida jismoniy shaxslarning 73 foizi shaxsiy identifikatsiya raqami, 94 foizi esa kadastr raqami asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
2024-yilda va 2025-yilning dastlabki uch oyida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun “Yagona elektron tizim” orqali 1,38 trillion so‘mlik tushum qayd etildi. To‘lov intizomi 90 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, 2025-yil iyulidan to‘lov intizomi elektr energiyasi tizimi bilan bog‘lanib tartibga solinadi.
Agentlik tomonidan xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, Xitoy, AQSH va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan chiqindilarni termik qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish loyihalari boshlangan. Ushbu yo‘nalishdagi 933 million AQSH dollarlik loyihalar orqali 7 ta viloyatda chiqindi yoqish zavodlari barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda yiliga 3,6 million tonna chiqindidan 1,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Respublikada chiqindilarni nazorat qilish, ularni yig‘ish va tashish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida GPS va onlayn kuzatuv tizimlari joriy qilindi. 39 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 219 ta maxsus texnikaga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
2024-yilda aholidan 14,8 million tonna maishiy chiqindi yig‘ilgan bo‘lib, shundan 766 ming tonnasi qayta ishlangan. Shuningdek, 5 779 ta fuqarolik murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularning 82 foiziga ijobiy yechim topilgan.
Prezident farmoni asosida 42 ta chiqindi poligoni tartibga keltirilib, ularning 29 tasi rekultivatsiya qilindi va 81 gektar yer maydoni ekologik xavfdan xoli holga keltirildi. Aholini ekologik madaniyatga jalb qilish maqsadida ommaviy plogging eko-aksiyalari va “Dolzarb 10 kunlik” tozalik tadbirlari o‘tkazilib, respublika bo‘yicha 135 ming tonnadan ortiq chiqindi bartaraf etildi.
O‘zbekistonda yil boshidan buyon 4 000 ga yaqin noqonuniy chiqindi tashlash holati aniqlandi. Ayni damda Ekologiya vazirligi Situatsion markazi tomonidan respublika miqyosida jami 250 ta onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, tun-u kun nazorat qilinadi.
O‘zbekistonda 80 gektardan ortiq yer maydoni chiqindi poligonlaridan tabiatga qaytarildi. Hozir chiqindixonalarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalarni monitoring qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha suv havzasi, sanitar burchaklar, qorovulxona, hojatxona hamda suv quduqlari, dizbaryer qurilmasi barpo etilib, uzluksiz elektr va ichimlik suvi ta’minotiga e’tibor qaratilyapti.
Jumladan, Ekologiya vazirligi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan poligonlardagi 300 ga yaqin maxsus texnikalarga zamonaviy GPS nazorat tizimi o‘rnatilgan. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 78 ta maxsus texnika xarid qilinib, hududlarga tarqatilgan.
Hozirda jami 184 ta maishiy chiqindi poligonidan 39 tasi tartibga keltirilib, o‘rtacha 70-80 sm tuproq qatlami bilan yopildi, aholi salomatligi, atrof-muhit va ekologiyaga salbiy ta’siriga chek qo‘yilib, yerlar tabiatga qaytarildi.
Joriy yilning birinchi choragida Toshkent, Namangan, Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarining jami 14 ta tumanda joylashgan qattiq maishiy chiqindi poligonlarida surish, zichlash, tekislash ishlari amalga oshirildi. 37 ta chiqindi poligoni avtotarozi va kuzatuv kameralari bilan jihozlanmoqda.
Shuningdek, 2025-yil davomida 18 ta chiqindi poligonini rekultivatsiya qilib, tuproq qatlami bilan yopish maqsad qilingan.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida respublika bo‘yicha 2024-yilda 123 ta chiqindi poligoni atrofida 461,0 ming tup hamda 2025-yil bahor mavsumida 130 ta chiqindi poligoni atrofida 367,7 ming tup terak, tut, qayrag‘och, saksovul, tol va boshqa turdagi daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil etildi.
Izoh (0)