Toshkentning Sergeli tumanida skuter haydovchisi Damas urib yuborishidan halok bo‘ldi.

Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmatining xabar qilishicha, YTH 2-iyun kuni soat 23:50 larda Sergeli tumani Mirzo Tursunzoda—Mehrigiyo ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda to‘qnashuvdan so‘ng Damas ag‘darilib ketganini ko‘rish mumkin. YHXB axborotida uning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksi 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) belgilangan jinoyatni sodir etgan shaxs muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
25-may kuni Namanganda Nexia-3 YTHga uchrab, haydovchisi bilan birga yonib ketgandi. Farg‘onada Nexia haydovchisi bosib ketgan velosipeddagi 12 yoshli bola vafot etdi. Haydovchi uch yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 10-mayda Toshkent viloyati Bekobod tumanida Damas “peshexod”dan o‘tayotgan piyodani bosib ketdi.
Izoh (0)