Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi AQSHda qo‘lga olinib, deportatsiya qilindi, deb xabar bermoqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi.

Qayd etilishicha, ushbu shaxs O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining axborot ko‘magi hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan yaqin hamkorligi tufayli qo‘lga olinib, mamlakatdan chiqarib yuborildi.
U Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismida (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyat sodir etganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekiston Interpol MMB xodimlari va AQSHning vakolatli organlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar hamda o‘zaro maʼlumotlar almashish natijasida, Amerika tomoni bilan hamkorlikda qidiruv eʼlon qilingan shaxsni mamlakat hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
AQSHning Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimlari kuzatuvida jinoyatchi Toshkent xalqaro aeroportiga keltirildi va keyinchalik javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.
Sankt Peterburgda 2021-yilda sodir etilgan qotillik uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi 28-may kuni Salvadordan ekstraditsiya qilingandi. O‘zbekistonda 9 million dollarni talon-toroj qilishda ayblangan shaxs Rossiyada ushlanib, 15-mayda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.
Izoh (0)