Pixar studiyasining yangi “Boshqotirma-2” animatsion filmi jahon prokatlarida ajoyib ko‘rsatkichlarni namoyish etmoqda. Premyeradan keyingi dastlabki 11 kun ichida loyiha kassa tushumlari bo‘yicha barcha filmlarni ortda qoldirdi. “Boshqotirma-2” filmi yilning eng yuqori daromad keltirgan filmi maqomini saqlab qoladi, deyishga barcha asoslar bor.
Ushbu maqolada siz uchun o‘z davrida barcha uchun sevimli va hozirda ham turli yoshdagi tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan ko‘riladigan muvaffaqiyatli multfilmlarni to‘pladik.
2024 yil — “Boshqotirma-2” (hozirgi vaqtda)
Kassa tushumlari (11 kun ichida): 728 million dollar
Multfilm premyerasi AQSHda 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Mutaxassislarning fikricha, filming ikkinchi qismi bir qator kassa ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Dyuna-2” va “Barbi”ni ortda qoldirdi.
Multfilmning birinchi qismi 2015-yilda namoyish etilgan, unda Rayli ismli qizaloqning miyasida yashaydigan beshta hissiyot: Quvonch, Qayg‘u, Qo‘rquv, G‘azab va Xavotir haqida hikoya qilinadi.
2013-yil — “Muzyurak”
Daromad: 1,2 milliard dollar
Disney’ning eng ko‘zga ko‘ringan animatsion franshizalaridan biri bo‘lgan “Muzyurak” o‘zining jozibali qo‘shiqlari, samimiy his-tuyg‘ulari va kuchli personajlari bilan tomoshabinlarni o‘ziga maftun qildi. Multfilmda opa-singil malikalar Anna va Elza haqida hikoya qilinadi, Elza hammadan yashirgan sehrli kuchga ega.
2010-yil — “O‘yinchoqlar tarixi: buyuk qochish”
Daromad: 1,066 milliard dollar
Tarixdagi birinchi milliarder multfilm bo‘lib, loyiha nihoyatda muvaffaqiyatli chiqdi va rejissyor Jon Lasseter bu uchun maxsus “Oskar” ham oldi. Loyiha “Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” va “Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasida ham nomzod bo‘lgan.
2004-yil — “Shrek-2”
Daromad: 923 million dollar
XXI asrning eng nufuzli va taniqli animatsion franshizalaridan biri bo‘lgan “Shrek” 3D animatsiya va satirik pop-madaniyat komediyasining yangi davrini boshlab berdi. “Shrek-2” prokatda 923 million dollar ishlab topdi va 2004-yilning eng yuqori daromad keltirgan filmiga aylanib, “O‘rgimchak odam-2” va “Garri Potter va Azkaban mahbusi” kabi filmlarni ortda qoldirdi.
1995-yil — “O‘yinchoqlar tarixi”
Daromad: 394 million dollar
“O‘yinchoqlar tarixi” 3D kompyuter animatsiyasi yordamida yaratilgan birinchi to‘liq metrajli kartina ham hisoblanadi. Endilikda ro‘yxatimizda Pixar multfilmlari tugaydi.
1994-yil — “Qirol sher”
Daromad: 968 million dollar
Afsonaviy 1994-yilgi asar va 2019-yilgi remeykdan iborat “Qirol sher” Disney tomonidan yaratilgan eng yirik va eng mashhur animatsion franshizalardan biridir. Film bolakay sher Simba haqida hikoya qiladi, u otasining o‘limida ayblanib, vodiydan surgun qilinadi, oilasi va do‘stlaridan uzoqda ulg‘ayadi.
Multfilm o‘z vaqtida “Forrest Gamp”ni ortda qoldirdi va deyarli uch barobar ko‘proq moliyaviy foyda ko‘rdi.
1992-yil — “Alouddin”
Daromad: 504 million dollar
Tomoshabinlar va kinotanqidchilardan juda yuqori baho olgan “Alouddin” multfilmida Agraba shahridan kelgan xushchaqchaq ko‘cha o‘g‘risi haqida hikoya qilinadi. Do‘stlari — maymun Abu, malika Yasmin va Jin bilan birgalikda u xiyonatkor vazir Jafarni butun dunyo ustidan hokimiyatni qo‘lga kiritishini to‘xtatadi..
1961-yil — “101 ta dalmatin”
Daromad: 215 million dollar
Disney’ning 1959-yilgi “Uyqudagi go‘zal” multfilmining muvaffaqiyatsizligidan so‘ng “101 ta dalmatin” loyihasi kutilmagan muvaffaqiyatga erishdi. Ushbu multfilm dunyoga eng esda qolarli yovuz obrazlardan birini — shafqatsiz moda ramzi Kruella de Vilni berdi. 2021-yilda hatto ushbu personajga atab alohida film ham ishlandi. Hozirda u klassik Disney qo‘l animatsiyasining eng yaxshi namunalaridan biridir.
1955-yil — “Ledi va daydi it”
Daromad: 93 million dollar
Disney’ning 15-sonli to‘liq metrajli animatsion filmi kompaniyaga katta daromad keltirdi va Disney tarixida birinchi marta sevishganlar sahnasi olib chiqildi.
1953-yil — “Piter Pen”
Daromad: 87 million dollar
Disney dastlab ushbu multfilmni qo‘rqinchli va bolalarni jalb eta olmaydigan, deya hisobladi. Loyiha jamoatchilikka ma’qul bo‘lgach, multfilm asosida hatto bir nechta to‘liq syujetli filmlar ham ishlandi.
Izoh (0)