Indoneziyaning Bali orolida 3-iyun kuni kokain kontrabandasi yoki giyohvand moddalar savdosida ishtirok etganlikda ayblangan 3 nafar britaniyalik ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Ayblanuvchilarni o‘lim jazosi kutib turgani aytilmoqda. Indoneziyada giyohvand moddalar kontrabandasi uchun juda og‘ir jazolar qo‘llanadi. Avval ham mamlakat xorijliklarni qatl qilib kelgan, biroq 2017-yildan beri o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilingan edi.
38 yoshli Jonatan Kristofer Kolliyer va 39 yoshli Liza Ellen Stoker 1-fevral kuni Bali xalqaro aeroportida og‘irligi 1 kilogrammga yaqin bo‘lgan 17 o‘ram kokain bilan qo‘lga olingan. Sudda, shuningdek, giyohvand moddalarni qabul qilishi kerak bo‘lgan 31 yoshli Fineas Ambrose Float ham qatnashgan. Britaniyaning Jakartadagi elchixonasi bunga izoh bermagan.
Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto ma’muriyati so‘nggi oylarda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlari uchun hukm qilingan bir necha mahbuslarni o‘z vatanlariga qaytarib yuborgan.
Indoneziya Immigratsiya va axloq tuzatish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yili 96 nafar xorijlik giyohvand moddalar bilan ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan.
Izoh (0)