Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi viloyatning 7 ta tumani va Shahrisabz shahar ko‘mir omborlaridan hududlardagi 832 ta maktab va bog‘chalarga ko‘mir yetkazish bo‘yicha tender o‘tkazgandi. Antikorrupsiya agentligi mazkur tenderda ishtirokchilarga adolatsiz baho qo‘yilib, xizmat uchun past narx taklif qilgan korxonalar mag‘lub bo‘lganini, shu sabab tanlov natijalari bekor qilinishini so‘rab vazirlik hamda boshqarmaga taqdimnoma kiritgandi.
Telegram’dagi “Revizor.uz” kanalining yozishicha, boshqarma qonun buzilishiga yo‘l qo‘yib, o‘zboshimchalik qilishda davom etmoqda.

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ko‘mir mahsulotlarini tashish xizmati uchun tanlov o‘tkazgan va unda “Transport texno” MCHJ g‘olib bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur tanlovda xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilar taklifi belgilangan talablar bo‘yicha baholanmagani hamda ularga asossiz ravishda nomutanosib ballar qo‘yilgani, natijada ishtirokchilardan eng yuqori narx taklifini bergan “Transport texno” MCHJ g‘olib deb topilgan degan xulosaga kelib, tanlov bayonnomasini bekor qilishni so‘ragan edi.
Bu bo‘yicha 19-iyun kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga taqdimnoma kiritgandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tanlov bayonnomasi bekor qilinishi so‘ralgan bo‘lsa-da, 23-iyunda boshqarma g‘olib firma bilan shartnoma tuzdi”, deyiladi bu haqdagi xabarda.

Bundan kelib chiqadiki, Antikorrupsiya agentligining taqdimnomasi vazirlikning viloyatdagi boshqarmasi masʼullarining noqonuniy harakatini davom ettirishiga to‘sqinlik qilmayapti.

“Daryo” Antikorrupsiya agentligining tanlov natijalari bekor qilinishini so‘rab vazirlik hamda boshqarmaga yozgan taqdimnomasi natijasini kuzatishda davom etadi. Tahririyat mavzuga qaytadi.
Izoh (0)