Mo‘ynoqdan otilib chiqqan katta bosimdagi gaz qudug‘i muvaffaqiyatli “jilovlandi”. Bu haqda 26-avgust kuni “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

26-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq maydonidagi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli yangi, loyihaviy chuqurligi 5000 metr bo‘lgan 1-son izlov qudug‘ida chuqurligi 4707 metr burg‘ilanganda to‘satdan gaz otilib chiqqandi.
Kompaniya axborotida qayd etilishicha, sodir bo‘lgan gaz otqinini bartaraf etish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan kecha-yu kunduz ish olib boruvchi tezkor shtab tashkil qilinib, tarkibiga O‘zbekiston ochiq favvoralarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xarbiylashtirilgan qism, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa masʼul mutasaddi tashkilotlarning hududiy boshqarmalari hamda mahalliy hokimlikning mutaxassislari jalb qilindi.
Maxsus shtab tomonidan gaz otqinini bartaraf etishga qaratilgan tezkor “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va ishlar bosqichma-bosqich hamkor tashkilotlar ko‘magida amalga oshirildi.
“Quduq turli baxtsiz hodisalar, talafotlarsiz jilovlandi”, deyiladi “O‘zbekneftgaz” AJ xabarida.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, “yo‘l xaritasi”dagi barcha ishlar malakali mahalliy mutaxassislarning mashaqqatli va samarali mehnati, xalqaro tajribaga ega hamkor kompaniyalar vakillari hamda maxsus texnika vositalari yordamida muvaffaqiyatli bajarilib, quduqni boshqarish imkoni yaratildi.
“Murakkab sharoitdagi quduqni yopish ishlarida ko‘rsatgan g‘ayrat va shijoati, olovli maydondagi o‘ta og‘ir va mashaqqatli mehnati uchun 200 nafar ishchiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Energetika vazirligi hodisa sodir bo‘lgan kuni ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanishini maʼlum qilgandi.
Izoh (0)