Ko‘pchilikka ma’lumki, aktyorlar ko‘p tryuklarni o‘zlari bajarmaydi. Bu ko‘pincha xavfsizlik nuqtayi nazaridan qilinadi. Chunki agar aktyor jarohatlansa, suratga olishni kechiktirishga to‘g‘ri keladi va film katta zarar ko‘radi. Ba’zi aktyorlar esa jismoniy imkoniyatlari tufayli murakkab elementlarni bajara olmaydi. Ammo Gollivudda tryuklarning aksariyatini mustaqil ravishda bajaradigan aktyorlar ham bor.
Tom Kruz
Tryuklar qiroli Tom Kruz “Uddalab bo‘lmas topshiriq” filmidagi Itan Xant rolida eng murakkab elementlarni bajarishni boshlagan.
Jangari film davomida u xavfsizlik to‘risiz mustaqil ravishda qoyaga chiqadi. Har yangi filmda Kruz yanada ko‘proq tavakkal qiladi va muxlislarni o‘z qobiliyatlari bilan lol qoldiradi.
Uning filmografiyasida Dubaydagi 828 metr balandlikdagi Burj Xalifa osmono‘par binosi tashqi devori bo‘ylab yugurish alohida o‘rin egallaydi. Tomoshabinlar buni “Uddalab bo‘lmas topshiriq: Arvoh protokoli” filmida ko‘rishlari mumkin. Bundan oldin Kruzga buning iloji yo‘qligi va sahnadan voz kechish kerakligi aytilgandi. Suratga olish paytida balandlikda kuchli shamol esayotgan bo‘lsa-da, u har doimgidek dublyorsiz buni uddalaydi.
Bundan tashqari aktyor “Uddalab bo‘lmas topshiriq: Quvg‘indilar qabilasi” filmida Tom Kruz uchib ketayotgan samolyotda osilib, havoning kuchli qarshiligini yengib o‘tadi.
Qoyalar orasida vertolyotda uchish, dubulg‘asiz mototsiklda soatiga 200 kilometr tezlikda yurish, 8 kilometr balandlikdan sakrash — bu Kruzning kinoda kaskadyorlarsiz o‘zi bajargan ishlarining to‘liq ro‘yxati emas. Hayot uchun xavfli bo‘lgan bunday sahnalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun oylab vaqt ketadi. Biroq aktyor kinoda imkon qadar haqiqatni ko‘rsatish kerakligiga ishonadi, bu borada unga teng keladigani yo‘q.
Kianu Rivz
Kianu Rivz karyerasining boshida ko‘proq komediya aktyori sifatida tanilgan. Keyinchalik uni jangari filmlarga taklif qila boshlashdi, u yerda boshqa ko‘plab ijrochilardan o‘zining farqli jihatini darhol namoyon etdi - bu aksariyat tryuklarni mustaqil ravishda bajara olish qobiliyati edi.
Aktyor o‘zining birinchi “Tezlik” jangari filmida mashinadan avtobusga xavfli sakrashni amalga oshirgan. Keyinchalik mashhur “Matritsa” filmida u jang san’atidagi ajoyib mahoratini namoyish etdi. Shuningdek, u tomoshabinlarga o‘qlardan qochish sahnasini taqdim etdi. Bu faqat tashqi tomondan oddiy ko‘rinishi mumkin. Aslida bunday harakatlar nafaqat yuqori darajadagi egiluvchanlik, balki kuch ham talab qiladi.
Butun faoliyati davomida Rivz aksariyat tryuklarni kaskadyorlar yordamisiz bajargan. Hozir u 60 yoshga kirgan bo‘lsa-da, hamon ajoyib jismoniy holatda.
Jeki Chan
Jeki Chan karyerasini kaskadyor sifatida boshlagan. Shu bois u bu kasbning barcha nozik jihatlarini yaxshi biladi.
Ommaviy tryuklarda ishlagach, Jeki Chan o‘zi ham rollarga taklif qilina boshladi. Dastlab yosh aktyor “Burgut soyasidagi ilon” jangovar komediyasida, keyinroq “Sarxush usta” filmi ekranlarga chiqdi, unda ham u dublyorlarsiz ishladi.
Jeki Chan nafaqat barcha tryuklarni o‘zi bajarardi, balki butun kaskadyorlar jamoasiga rahbarlik qilardi. Uning sermazmun faoliyati davomida u turli murakkablikdagi son-sanoqsiz tryuklarni amalga oshirdi.
Albatta, bu sahnalar jarohatlarsiz bo‘lmadi. Jeki Chan besh metr balandlikdan yiqilganda, tanasining deyarli barcha qismi shikastlangan. Yana bir suratga olish paytida u yiqilib, boshini toshga urib oladi. Bu uning hayotiga xavf solishi mumkin edi. Aktyor operatsiya qildirishga majbur bo‘ladi va suratga olish ishlari bir yilga kechiktiriladi, biroq u sog‘ayganidan so‘ng ishni davom ettiradi.
Bugungi kunda Jeki Chan ekranlarda kamroq ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, Ginnesning rekordlar kitobiga eng ko‘p tryuklarni mustaqil bajargan aktyor sifatida kiritilgan.
Emili Blant
Tom Kruz iste’dodining bir qismi Emili Blantga o‘tgan. Ular “Kelajak chegarasi” filmida birga rol ijro etgan. Ilmiy-fantastik blokbaster syujetiga ko‘ra, bosh qahramonlar o‘zga sayyoraliklar bilan jang qilishlari lozim. Vaqt halqasining uzilishi sababli Kruz qahramoni har safar halok bo‘lgach, jang boshidan boshlanadi.
Bu rol uchun aktrisa ilgari hech qachon bunday puxta tayyorgarlik ko‘rmagan. Filmda uning qahramoni Rita Vrataski 38 kg og‘irlikdagi ekzoskelet kiyib yuradi. Shunchaki kiyib yurmay, doimo unda yuguradi va jang qiladi.
Blant aksariyat sahnalarni, jumladan o‘zini va hamkasbini haqiqiy xavf ostiga qo‘ygan epizodni ham o‘zi ijro etgan. U mikroavtobusni boshqara olmay, katta tezlikda daraxtga urilgan. Aktyorlar mo‘jiza tufayli jarohatlanmay qutulib qolgan. Biroq Blant hatto Tom Kruz kabi mohir tryuk ijrochisi oldida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan va uning darajasida harakat qilgan.
Izoh (0)