Britaniyalik Tess Kristian ismli ayol butun hayotini bir qarorga asoslab qurdi: u tabassum qilmasa, ajinlar paydo bo‘lmaydi, deb o‘yladi. So‘ng asta-sekin yuz mimikasini nazorat qilishni o‘rgandi. Do‘stlar bilan yig‘ilsa ham, oilasi bilan bayram qilsa ham, hatto qizining tug‘ilishi kabi baxtli lahzalarda ham lablarini jimgina ushlab, hissiyotlarini faqat ko‘zlari orqali ifodalar edi.

Aslida barchasi Tessning o‘smirlik davriga borib taqaladi. U Londondagi katolik maktabida o‘qidi va u yerdagi qat’iy qoidalarga rioya qilib yashadi. Tess doimiy tanbehlar eshitgani tufayli yuz ifodalarini nazorat qilishga o‘rgandi. Maktabda har qanday ortiqcha his-tuyg‘uni, jumladan, kulishni namoyon qilish tanqid va ta’na bilan qabul qilinar edi. Shu sababli Tess doimiy jiddiy ko‘rinishni odat qildi.
Albatta, uning hayotida his-tuyg‘ularni nazorat qilish deyarli imkonsiz bo‘lgan voqealar ham sodir bo‘ldi, biroq Tess o‘z qaroriga sodiq qolib, kulishni faqat ko‘zlari bilan yoki jimgina, odatdagi yuz ifodalarisiz namoyish qilishni o‘rganib oldi.

Bunday hayot uslubi unga ajinsiz, silliq teri va yoshroq ko‘rinish imkonini berdi. Ellik yoshga yetganida uning yuzidagi ajinlar deyarli ko‘zga tashlanmasdi. Biroq bunday go‘zallikning qiymati juda baland edi.
Psixologlar fikricha, tabassum yaxshi kayfiyat bilan bir qatorda ruhiy salomatlikning muhim elementi hisoblanadi. Kulish endorfin — baxt gormonini ishlab chiqaradi, stressni kamaytiradi, insonni atrofdagilar bilan bog‘laydi. Tess esa buni deyarli his qilmay, o‘zini cheklar edi.

To‘g‘ri, yuz mimikasini nazorat qilish ajinlarni sekinroq paydo bo‘lishiga yordam beradi, lekin ajinlar tushishiga boshqa sabablar — kollagen kamayishi, quyosh nuri va yoshga bog‘liq o‘zgarishlar ham ta’sir qilishini inobatga olish kerak.
Tessning do‘stlari uni “Jakonda” deb chaqiradi, chunki uning yuzidagi jimlik sirli va qiziqarli taassurot qoldirardi. U go‘zal, silliq terisi bilan ajralib tursa-da, ruhiy jihatdan ko‘plab imkoniyatlardan mahrum bo‘lgan edi.

Zamonaviy kosmetologlar yosh ko‘rinishni saqlashning tabiiyroq yo‘llarini tavsiya qiladi. Masalan, terini nam saqlash, quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish, yuz massaji orqali mushak tonusini yaxshilash, stressni kamaytirish, uyqu rejimi va to‘g‘ri ovqatlanish — bularning bari ajinlarni sekinroq paydo bo‘lishiga yordam beradi.
Shuningdek, mutaxassislar mimikalarni tez-tez ishlatish orqali ajinlar chuqurlashini tan oladi, ammo tabiiy va me’yoriy harakatlar teriga zarar keltirmaydi.

Tess Kristian esa 40 yil davomida kulmaslik orqali yosh va ajinlarsiz yuz terisiga ega bo‘ldi, lekin bunday hayot uning ruhiy va emotsional dunyosiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
To‘g‘ri, go‘zallikka intilish kerak, ammo hayotimizda boshqa takrorlanmaydigan quvonchli onlarni o‘tkazib yuborish hech qanday go‘zallikka teng kelmaydi.
Izoh (0)