Londonning “Tottenhem” klubi “Manchester Siti” vingeri Savinyo transferi bo‘yicha taklif tayyorlamoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, “shporlar” 23-avgust, shanba kuni Angliya Premyer Ligasining 2-turida “shaharliklar”ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv yakunidan so‘ng London klubi futbolchi uchun rasmiy taklif kiritishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, “Tottenhem” Savinyo uchun 70 million yevrodan ko‘proq mablag‘ to‘lashga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Savinyo 2024-yil yozida “Manchester Siti” tarkibiga qo‘shilgan edi. O‘tgan vaqt davomida braziliyalik futbolchi barcha musobaqalar doirasida 48 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 13 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
24 yoshli futbolchining “Siti” bilan shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 50 million yevroga baholagan.
Izoh (0)