Amerikalik olimlar birinchi marta ota bo‘lgan erkaklarning miyasi o‘z farzandlarini ko‘rganida o‘ziga xos faollik ko‘rsatishini aniqladi. Tadqiqot Los Anjeles va Shimoliy Karolina universitetlarida o‘tkazildi va natijalari Human Brain Mapping jurnalida chop etildi.

Tajriba 32 nafar yosh ota ishtirokida o‘tkazildi. Bolalari tug‘ilganidan sakkiz oy o‘tib, otalar funksional MRT tekshiruvdan o‘tdi. Jarayon davomida ularga quyidagi videolar namoyish etildi:
- o‘z farzandlarining qisqa videolari;
- begona chaqaloqlar suratlari;
- homilador turmush o‘rtog‘ining videolari;
- notanish ayol surati.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, erkaklar o‘z bolalarini ko‘rganida orqa miya (posterior cingulate cortex) va miyaning frontal qismi (orbitofrontal cortex) faollashgan. Ushbu sohalar emotsiyalarni boshqarish, boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunish tizimi bilan bog‘liq. Qiziq tomoni shundaki, begona chaqaloq yoki hatto homilador turmush o‘rtog‘i tasvirlariga emas, aynan o‘z farzandini ko‘rgandagina otalar miyasidagi faollik kuchliroq bo‘lgan.
Tadqiqotchilar fikricha, bu reaksiyalar oddiy ijtimoiy hodisa emas, balki ota va bola orasidagi chuqur psixologik aloqani aks ettiradi.
--PptPJlp.avif)
Shuningdek, ota bo‘lish erkaklarda gormonal o‘zgarishlarni ham keltirib chiqaradi:
- testosteron darajasi pasayadi;
- oksitotsin va prolaktin darajasi oshadi.
Bu o‘zgarishlar otaning bolaga mehrini kuchaytiradi va emotsional aloqani mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, ota bo‘lgan erkaklarning miyasida emotsiyalarni boshqarish, boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunish va bola ehtiyojlarini sezish bilan bog‘liq tarmoqlar faol ishlay boshlaydi. Shu bois ota farzandiga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qila boshlaydi. Erkaklar miya faoliyatidagi bunday o‘zgarishlar uzoq muddatga saqlanishi mumkin.
Ushbu tadqiqot ona va bola aloqalari haqidagi bilimlarni to‘ldirib, otalik ham miya faoliyatini tubdan o‘zgartirishini ko‘rsatdi. Endi olimlar ota bo‘lish jarayonini yanada chuqurroq o‘rganish orqali, ota-bola aloqasini mustahkamlash va oiladagi psixologik sog‘liqni oshirish yo‘llarini izlamoqda.
Izoh (0)