AQSH dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Intel korporatsiyasining 10 foizlik ulushini sotib oldi va nazorat qilmoqda. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“AQSH hozir yanada yorqinroq kelajak kutayotgan ajoyib Amerika kampaniyasi Intel’ning 10 foiziga to‘liq egalik qilayotgani va nazorat qilayotgani haqida xabar berish men uchun katta sharaf”, deya yozdi Vashington ma’muriyati rahbari.
Trampning ta’kidlashicha, u Intel rahbari Lip-Bu Tan bilan “ushbu kelishuv bo‘yicha muzokara olib borgan”.
“AQSH bu aksiyalar uchun hech qanday to‘lov amalga oshirmagan, ularning qiymati esa hozirda taxminan 11 milliard dollarni tashkil etadi. Bu Amerika uchun ham, Intel uchun ham ajoyib kelishuv. Intel shug‘ullanadigan ilg‘or yarim o‘tkazgichlar va chiplar ishlab chiqarish mamlakatimiz kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deya ta’kidlagan AQSH prezidenti.
Tramp 7-avgust kuni Lip-Bu Tanni iste’foga chiqishga chaqirib, uning “jiddiy manfaatlar to‘qnashuvi holatida” ekanini aytgan, biroq tafsilotlarni keltirmagan. Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning bu chaqirig‘i AQSH Kongressi Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi, respublikachi senator Tom Kotton Intel rahbariyatiga yo‘llagan maktubida kampaniya faoliyati xavfsizligi va Lip-Bu Tanning Xitoy bilan go‘yoki mavjud aloqalari haqida xavotir bildirganidan so‘ng yangragan.
11-avgust kuni Amerika yetakchisi Truth Social’da Intel bosh direktori bilan “juda qiziqarli uchrashuv” o‘tkazganini yozgandi.
Izoh (0)