Misrning Sinay yarimoroli janubi-g‘arbida joylashgan Seraibit al-Xodim hududida Injildan ham qadimiy bo‘lgan yozuvlar topildi. Ularda Muso payg‘ambar haqida eslatmalar mavjud. Bu haqda Fox News Digital nashriga bergan intervyusida amerikalik epigrafist Maykl S. Bar-Ron ma’lum qildi.

Mazkur ikki yozuv ilk bor XX asr boshlarida topilgan edi. Ammo epigrafist Maykl S. Bar-Ron ularni qayta o‘rganib chiqdi. Bu yozuvlarni “Zot mi-Moshe” (“Bu Musodan”) va “Ne’um Moshe” (“Muso bayonoti”) deb o‘qish mumkin. Agar bu talqinlar tasdiqlansa, ular Injildan avval bitilgan Muso payg‘ambar haqidagi eng qadimgi yozuvlar bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, yozuvda Ibrohim payg‘ambar ismi nazarda tutilgan “El” nomli iloh haqida ham ma’lumot keltirilgan va qadimgi butparast ma’buda Baalat qoralangan. Bar-Ronning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha hududda qadimda Baalat ma’budi sharafiga ibodatxona mavjud bo‘lgan.

“Men sakkiz yil davomida juda murakkab bo‘lgan 23 ta proto-sinay yozuvlarini qayta tiklash ustida ishladim”, dedi epigrafist.
Ba’zi yozuvlar semit ishchilarining bu ma’budaga sig‘inishga qarshi ekanini ifodalaydi.
“Baalatni ulug‘lash o‘rniga bu yozuvlarda u la’natlanadi, izdoshlariga ogohlantirish va tanbeh beriladi”, deydi Bar-Ron.

Yozuvlarda “BS” (“uyat”, “sharmandalik”) va “nimosh” (“ketaylik”, “chekinaylik”) kabi so‘zlar ishlatilgan.
Qadimiy yozuvlarni o‘qish jarayoni nihoyatda murakkab bo‘lib, eng qiyin bitiklarni talqin qilishga mutaxassis qariyb o‘n yil vaqt sarflagan.
Izoh (0)