Buyuk Britaniyada 18 yoshli qiz kalamushlarini “rassom”ga aylantirib, ularning suratlarini sotish orqali daromad topmoqda. Bu haqda The Sun xabar berdi.

Ella Vudland kalamushlar yaratgan har bir asardan 500 funt sterlinggacha (taxminan 672 dollar) foyda ko‘radi. Kemiruvchilardan “ijodkor” sifatida foydalanish g‘oyasi unga 2025-yil fevral oyida kelgan. Qiz sakkizta uy hayvoni — Gubler, Rumpel, Rid, Xotch, Morgan, Lyuk, Rossi va Gideonni akvarel va bo‘yoqlar surtilgan xolstlarda yugurtirib, abstrakt rasmlar olishni boshlagan. Vudland ushbu mini-asarlarni onlayn sotuvga qo‘ygan.

Dastlab, kichik rasmlar 10 funt sterlingdan (salkam 13,5 dollar) baholangan. Ammo “asarlar” ijtimoiy tarmoqlarda millionlab ko‘rish to‘plagach, talab keskin oshgan. Qiz topilgan pullarning katta qismini uy hayvonlarini parvarishlashga sarflaydi. Ella ular uchun 250 funtlik (336 dollar) yuqori sifatli qafas, o‘yin tunnellari va maxsus yemlar xarid qilgan.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, dastlab buyurtmalar kam bo‘lgan — haftasiga 2–3 ta rasm. Biroq xaridorlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda suratlarni ulashganidan so‘ng, talab 500 foizga oshgan. Hozirda Ella har hafta 20 ga yaqin rasmni sotuvga qo‘yadi va ular darhol xarid qilinadi.

Izoh (0)