O‘zbekistonda diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgan 2004–2006-yillarda tug‘ilgan uch nafar qiz javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular Telegram’da kanal yaratib, unda O‘zbekiston hududida taqiqlangan “Iroq va Shom islom davlati” hamda “Turkiston islom harakati” terroristik tashkilotlariga tegishli audio-video materiallar va da’vatlarni tarqatish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ular boshqa yopiq guruhlarda ham targ‘ibot ishlarini olib borgan.
“Men diniy atamalarni bilish maqsadida YouTube platformasiga kirganman. O‘sha paytda Sodiq Samarqandiyning ma’ruzalari kelib chiqqan. Samarqandiyning darslarini eshitish mobaynida uning ta’siriga tushib qolganman va uning ma’ruzalarini muhokama qilish maqsadida o‘rtog‘im bilan gaplashganman. Ularning o‘z shaxsiy sahifalari bo‘lganligi uchun men ham o‘z Telegram messenjerimda kanal yaratganman va u yerga diniy ma’ruzalarni joylab kelganman”, degan qizlardan biri.
Qolgan ikki qiz ham O‘zbekistonda taqiqlangan Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar ma’ruzalarini eshitgan va aqidaparastlik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan. Qizlar qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ular ushlanib, qonuniy choralar ko‘rilgan.
“Afsuski, aqidaparastlik g‘oyalari bilan zaharlangan bu yoshlar Suriyadagi qonli janglarga qo‘shilish niyatida o‘zaro fikr almashib, ‘jihod’, ‘hijrat’ va ‘shahid’ kabi yolg‘on shiorlarni hayotiy maqsad deb bilishgan. Shu bilan birga, ular Instagram tarmog‘i orqali ham shaxsiy profillar yaratib, taqiqlangan materiallarni tarqatishgan va yanada ko‘proq yoshlarni tuzoqqa tushirishga urinishgan”, deyiladi xabarda.
DXX har qanday shubhali sahifa yoki guruhdan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Qizlarga qanday jazo tayinlanganiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)