Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tuman (shahar)larda iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, prezidentning “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarda iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida zaxira va imkoniyatlarni ishga solish hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Bunday loyihalarni shakllantirish va ularni samarali amalga oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimliklari mas’ul hisoblanadi.
Quyidagilar drayver loyiha amalga oshiriladigan sohalar va yo‘nalishlar hisoblanadi:
Sanoatda:
- mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish uchun mikrosanoat markazlarini tashkil etish;
- maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish;
- bo‘sh turgan bino va inshootlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash hamda saqlashni yo‘lga qo‘yish;
- ixtisoslashgan mahallalarda kooperatsiya asosida ishlab chiqarishni kengaytirish;
- ishlab chiqarish korxonalari quvvatidan to‘liq foydalanish va kengaytirish;
Xizmat ko‘rsatishda:
- yo‘llar bo‘ylarida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini, shu jumladan, Service point va Service area’lar tashkil etish;
- tuman markazi va unga tutash hududlardan oqib o‘tuvchi suv havzalari bo‘ylarida, tabiiy va sun’iy ko‘llar qirg‘oqlarida sohilbo‘yi turizm va dam olish maskanlarini tashkil etish;
- turizm obyektlari (uy mehmonxonalari, savdo shoxobchalari va boshqalar) tashkil qilish orqali tashrif buyuruvchilar (xorijiy va mahalliy turistlar oqimini ko‘paytirish) sonini oshirish hamda ularga uzoq muddat qolish imkoniyatlarini yaratish;
- aholi gavjum joylarda savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi zamonaviy ko‘chalarni tashkil etish;
- master-reja ishlab chiqilgan hududlardagi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
- istirohat bog‘larini kengaytirish va zamonaviylashtirish orqali qo‘shimcha savdo-servis obyektlari hamda yashil hududlarni tashkil qilish;
- hududlarda mavjud bozorlar quvvatlarini oshirish, faoliyatini tartibga solish, yangi bozorlar va ularning filiallarini tashkil etish;
- davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bo‘sh turgan bino-inshootlardan maqsadli va samarali foydalanish;
- renovatsiya asosida eski uylar o‘rnida pastki qavatlarida xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘p qavatli zamonaviy turar va noturar joy binolarini barpo etish uchun infratuzilmani yaratish;
- hududlarni rivojlantirish bo‘yicha master-rejalarni ishlab chiqish;
- yuqori daromadli kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish;
Qishloq xo‘jaligida:
- aholiga ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun infratuzilmani yaratish;
- yer maydonlarini o‘zlashtirish, foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash;
- eski bog‘ va tokzorlarni yangilash hamda ularning o‘rnida yangi serhosil (intensiv) bog‘larni tashkil etish orqali mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish;
- ixtisoslashgan mahallalarda kooperatsiya asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish;
- chorvachilik, baliqchilik, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish.
Bunda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz, ichimlik suvi va oqova suv, sug‘orish suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi) barpo etish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa qurilish-ta’mirlash ishlarini tashkil etish uchun davlat budjeti hamda boshqa manbalardan mablag‘lar ajratiladi.
Drayver loyihalar har yili 1-noyabrga qadar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi. Bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ushbu drayver loyihalarni 10 ish kuni ichida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 15 ish kuni ichida drayver loyihani joyiga chiqqan holda o‘rganadi va drayver loyihalarning yakuniy ro‘yxatini tasdiqlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuboradi.
Kelishilgan drayver loyihalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Izoh (0)