Garvard tibbiyot maktabi olimlari Alsgeymer kasalligiga qarshi dori ishlab chiqdi va ayrim bemorlarda allaqachon yo‘qolgan xotiralarni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Qariyb o‘n yil davom etgan tadqiqot Nature ilmiy jurnalida chop etildi. Unga ko‘ra, miyadagi mavjud litiy miqdorining pasayishi Alsgeymer kasalligini yuzaga keltirishi mumkin.

Tadqiqot davomida mutaxassislar yuzlab inson miyasi namunalari va jonivorlar ustida tajriba o‘tkazildi. Natijada amiloid-beta (Aβ) deb ataluvchi oqsillar litiyni o‘ziga singdirib, uning miya hujayralariga bo‘lgan foydali ta’sirini kamaytirishini aniqladi. Bu esa neyronlar o‘rtasidagi aloqalarning buzilishiga, xotira yo‘qolishiga va Altsgeymer alomatlarining kuchayishiga olib keldi.
Garvard jamoasi bu muammoni hal qilish uchun litiy orotat (LiO) deb nomlangan arzon va xavfsiz birikmadan foydalandi. Bu safar hayvonlarda o‘tkazilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, litiy preparati xotirani qaytarish, zararlangan miya to‘qimalarini qayta tiklash va kasallik rivojlanishini ortga qaytarishga qodir.
Ilgari olib borilgan epidemiologik kuzatuvlarda ham litiy ko‘p bo‘lgan hududlarda demensiya kamroq uchrashi aniqlangan. Masalan, Daniyaning ayrim tumanlarida ichimlik suvida litiy miqdori yuqori bo‘lgani uchun aholida demensiya holatlari ancha past bo‘lgani qayd etilgan.
Mutaxassislar buni tibbiyotdagi katta yutuq deb atamoqda. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 55 milliondan ortiq kishi Alsgeymer kasalligidan aziyat chekadi va mavjud davolar faqat kasallik rivojlanishini sekinlashtirishga yordam beradi. Garvard olimlarining yondashuvi esa yo‘qolgan xotirani tiklash imkonini berishi mumkin.
Biroq olimlar ehtiyotkorlikka chaqirmoqda: bu usul hozircha faqat sichqonlarda sinovdan o‘tkazilgan, odamlar ustida klinik tadqiqotlar endigina boshlanmoqda. Shuning uchun litiy qo‘shimchasini shifokor nazoratisiz qabul qilish tavsiya etilmaydi.
Klinik sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, litiy orotat asosidagi preparat kelgusida arzon, xavfsiz va samarali davo sifatida butun dunyo bo‘ylab millionlab bemorlarga umid baxsh etishi mumkin.
Izoh (0)