So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab elektromobillar savdosi katta sur’atlarda oshib borayotgan bo‘lsa-da, 90 foizdan ortiq avtomobillar benzin yoki dizel yoqilg‘ilari yordamida ishlamoqda. Atrof-muhitga yetkazadigan zarariga qaramay, ularning to‘liq o‘rnini bosadigan yoqilg‘i bo‘yicha muqobil yechimlar hali mavjud emas. Ammo Aircela kompaniyasining yangi ixtirosi bu borada tarixiy inqilob yasashi mumkin.

Mazkur texnologiyaning asosiy g‘oyasi yoqilg‘ini to‘g‘ridan to‘g‘ri havodan ishlab chiqishda. Kompaniya vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, qurilma sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va bir sutkada neft ishlatmasdan hamda atmosferaga zararli gazlar chiqarmasdan 4 litrga yaqin benzin ishlab chiqarilgan.
O‘lchami oddiy muzlatkichga yaqin bo‘lgan ushbu qurilma havo tarkibidagi karbonat angidrid (CO₂) ni kaliy gidroksid (KOH) asosidagi maxsus filtr orqali ushlab qoladi, keyin quyosh energiyasi bilan ishlovchi elektroliz tizimi suv molekulalarini vodorod (H₂) va kislorodga (O₂) ajratadi. So‘ng karbonat angidrid va vodorod katalizator ishtirokida avval metanolga, keyin esa to‘liq funksional benzinga aylantiriladi. Olingan yoqilg‘i kimyoviy tarkibi jihatidan oddiy AYQSHlarda sotiladigan benzindan farq qilmaydi.
Shuningdek, ixtiro avtomobil egalariga istalgan joyda mustaqil ravishda yoqilg‘i ishlab chiqarish imkonini beradi, bu, ayniqsa, yoqilg‘i quyish shoxobchalariga kirish imkoniyati cheklangan chekka hududlar aholisi uchun dolzarbdir. Muhimi, qurilmadan foydalanish uchun yoqilg‘i ta’minot tizimini yoki avtomobil konstruksiyasini o‘zgartirish talab etilmaydi.
Mazkur qurilma narxi hozircha e’lon qilinmagan, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning qiymati 14–18,5 ming yevro atrofida bo‘lishi mumkin. Kompaniya keng miqyosdagi ishlab chiqarishni kelasi yil kuzida boshlashni rejalashtirmoqda.
Aircela kompaniyasining kashfiyoti ekologik toza, qulay va nisbatan arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish imkonini beradi. Agar loyiha muvaffaqiyatli natija bersa, u insoniyatning qazib olinadigan yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Izoh (0)