Sun’iy intellekt sohasida yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan raqobatlashishga intilayotgan Apple korporatsiyasi yuqori maoshlar evaziga iste’dodli dasturchilarni o‘ziga jalb qilmoqda. Bu haqda Business Insider (BI) xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, yirik texnologiya kompaniyalari o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi raqobatning keskin o‘sishi fonida Apple kadrlar oqimiga duch kelmoqda va mutaxassislarni saqlab qolish uchun ko‘proq kuch sarflashga majbur bo‘lmoqda. So‘nggi bir oy ichida Apple’ning sun’iy intellekt sohasidagi to‘rtta yetakchi tadqiqotchisi Meta’ga o‘tib ketgan. Bu esa tobora kuchayib borayotgan “iste’dodlar jangi”ning yana bir belgisi bo‘ldi.
Xodimlar ketib qolishiga javoban Apple sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi Apple Foundation Models (AFM) bo‘limi xodimlarining maoshlarini oshirgan. Shuningdek, kompaniya mutaxassislar safini kengaytirmoqda. Hozirda mashinali o‘qitish va sun’iy intellekt bilan bog‘liq yuzlab bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.
Apple dasturchilar uchun jozibador ish beruvchi bo‘lib qolmoqda. Kompaniya nafaqat raqobatbardosh ish haqi, balki aksiyalardan tortib mahsulotlarga chegirmalargacha bo‘lgan turli xil imtiyozlarni ham taklif etadi. Masalan, mashinali o‘rganish bo‘yicha mutaxassis yiliga 329 ming dollargacha, dasturiy ta’minot muhandisi 378 ming dollar, foydalanuvchi interfeysi dizayneri 468 ming dollar, ma’lumotlar olimi 322 ming dollar va ma’lumotlar muhandisi 234 ming dollar topishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, bu summalar qo‘shimcha to‘lovlar va aksiyalar ko‘rinishidagi mukofotlarni o‘z ichiga olmaydi. Bular esa kompaniya xodimlarining umumiy daromadini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Apple’dagi maoshlarning to‘liq ro‘yxati bilan BI maqolasida tanishish mumkin.
Izoh (0)