AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish uchun avval belgilangan 50 kunlik muddatni qisqartirishga qaror qilganini ma’lum qildi.

“Men belgilagan 50 kunlik muddatni qisqartiraman, chunki nima bo‘lishini allaqachon bilaman”, dedi Tramp Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida.
Shu bilan birga, Amerika rahbari Rossiya rahbariyatining Ukrainaga nisbatan siyosatidan mamnun emasligini bildirgan.
“Rossiya prezidenti Vladimir Putindan ko‘nglim qoldi. Ko‘ramiz, nima bo‘lar ekan. Men juda xafa bo‘ldim. Bu vaziyatni hal qilishimiz kerak bo‘ladi”, dedi AQSH rahbari.
Shu bilan birga, u Putin bilan Ukraina mavzusini bir necha bor muhokama qilganini eslatib, Rossiya prezidenti bilan yaxshi munosabatda ekanligini ta’kidlagan.
“Besh marta yoki to‘rt marta, barcha masalalarni muhokama qildik, biz uzoq vaqtdan beri tanishmiz”, dedi AQSH prezidenti.
“Bugundan boshlab taxminan 10 yoki 12 kunlik yangi muddat belgilamoqchiman. Kutish uchun hech qanday sabab yo‘q... biz hech qanday rivojlanishni ko‘rmayapmiz”, dedi u.
Iyul oyi boshida Tramp agar Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha 50 kun ichida kelishuvga erishilmasa, Rossiyaga nisbatan taxminan 100 foizlik qattiq bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi.
Izoh (0)