Madridning “Real” klubi yozgi transfer oynasida braziliyalik futbolchi Rodrigoni sotishni maqsad qilgan. Diario AS nashrining xabar berishicha, klub 90 million yevrodan kamroq takliflarni ham ko‘rib chiqishga tayyor.

Avvalroq “qaymoqranglilar” futbolchini 100 million yevrodan qimmatroqqa sotishni rejalashtirgan edi, ammo xaridor klublar bu summani to‘lashdan bosh tortdi. Shu bois madridliklar futbolchini arzonroq narxda bo‘lsa-da, transfer qilishni istamoqda.
Xabi Alonso “Real” bosh murabbiyligiga tayinlangach, Rodrigoning klubni tark etish ehtimoli yanada oshdi. Sababi, ispaniyalik mutaxassis uni asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rmayapti va bu holat Rodrigoning ketishiga sabab bo‘lmoqda. Rodrigoga bir qator klublar, xususan, “Arsenal”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “PSJ” va “Bavariya” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Uzoq vaqt davomida asosiy da’vogar sifatida Londonning “Arsenal” klubi tilga olinayotgan edi, ammo “to‘pchilar” narxning yuqoriligi bois hujumchini sotib olish fikridan qaytdi.
Ma’lumot uchun, Rodrigo 2019-yilda Braziliyaning “Santos” klubidan “Real”ga transfer qilingan edi. U o‘tgan yillar davomida jamoa bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Uning “Real” bilan shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 90 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)