Angliyaning “Liverpul” klubi yaqin kunlarda “Nyukasl Yunayted” hujumchisi Aleksandr Isak uchun yirik taklif tayyorlamoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Liverpul” kolumbiyalik futbolchi Luis Diasni “Bavariya”ga sotganidan so‘ng, ushbu transferdan tushgan 65 million funt sterling (taxminan 74,1 million yevro)ni aynan Aleksandr Isakni xarid qilishga yo‘naltirmoqchi. Klub rahbariyati shved hujumchisi orqali jamoani kuchaytirishni maqsad qilgan.
Avvalroq OAVda Isakka Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq futbolchining bu taklifni rad etgani va “Liverpul”ga o‘tishga qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Isak o‘tgan mavsum “Nyukasl” safida Angliya Premer Ligasi doirasidagi 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 23 ta gol va 6 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali Aleksandr Isakning bozor qiymatini 120 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)