G‘azo sektoriga Isroil tomonidan ruxsat berilganidan so‘ng, bor-yo‘g‘i 73 ta insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinasi kiritilgan. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sektorga quruqlik orqali ko‘plab davlatlar gumanitar yordam jo‘natgan. Ammo ularning ba’zilari yo‘lda talon-toroj qilingan yoki Isroil tomonidan anklavga kirishga ruxsat berilmagan.
Yordam samolyotdan parashyutda tushirilgan holatlar ham bo‘lgan. Xususan, 3 ta samolyot havodan yordam tashlagan. Ularning orasida Buyuk Britaniya va Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar mavjud. Barcha gumanitar yordam yuklari jangovar harakatlar kechayotgan “qizil hududlar”ga kiritilgan, bu esa tinch aholiga yordamni qo‘lga kiritish imkonini bermagan.
“Bu — haqiqiy masxarabozlik. Xalqaro hamjamiyat yolg‘on va’dalar bilan falokatni yashirmoqda”, deyiladi G‘azo hukumati bayonotida.
Rasmiylar chegaralarni hech qanday shartsiz ochishni, oziq-ovqat, suv va bolalar bo‘tqalarining zudlik bilan kiritilishini yana bir bor talab qilmoqda. Falastin tomoni ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi 2,4 million aholining zarur ehtiyojlarini qondirish uchun kuniga kamida 600 ta yordam mashinasi kerak bo‘ladi.
Uzoq davom etayotgan Isroil qamalidan so‘ng sektorda ocharchilik keskin kuchaygan. Rasmiylar holatni “misli ko‘rilmagan darajadagi inqiroz” deb atamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, anklavda urush boshlanganidan buyon ocharchilik sabab 133 kishi, jumladan 87 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. G‘azo hukumati Isroilni hududda ataylab ocharchilik va betartiblik keltirib chiqarganlikda ayblamoqda.
“Fojiaviy ocharchilik butun G‘azo aholisi, jumladan 1,1 million bolaning hayotiga xavf solmoqda”, degan G‘azo rasmiylari.
G‘azo sektorida 2023-yil 7-oktyabrda urush boshlanganidan beri deyarli 60 ming falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga qarshi G‘azodagi urush jinoyatlari uchun hibsga olish orderi chiqargan. Bundan tashqari, ushbu sud Isroilga qarshi genotsid ishini ham ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)