Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi bilan Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma'lum qildi. Ukrainaliklar yetakchisi mazkur kelishuv qiymatini 10 milliard dollardan 30 milliard dollargacha baholash mumkinligini aytdi.

Bu haqda Zelenskiy ilgari e’lon qilgan “win-win” bitimi ortidan ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, Vashington Ukraina dronlarini sotib oladi, evaziga Kiyev AQSH qurollariga ega bo‘ladi.
Kelgusida shartnomalarni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov, mudofaa vaziri Denis Shmigal va prezident maslahatchisi Aleksandr Kamishin nazorat qiladi.
Yevropa bilan hamkorlik
Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina qurol-yarog‘ ishlab chiqarishning ayrim yo‘nalishlarini xorijga ko‘chirish ustida ishlamoqda. U bu borada Daniya, Norvegiya va Germaniya bilan muzokaralar olib borilayotganini ta'kidladi.
“Masalan, Daniya uzoq masofaga uchuvchi dronlar uchun ishlab chiqarish liniyalarini joriy qiladi. Ular qo‘shimcha moliyaviy resurslar beradi — 100, 200 yoki 300 million. Bu dronlar urush davrida bizga yetkazib beriladi”, dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining aytishicha, loyiha xususiy sektor bilan 50/50 hamkorlik asosida amalga oshiriladi. Urushdan keyin esa Daniya bu dronlarni o‘z armiyasi uchun zaxira sifatida saqlaydi.
Rejalar
Ukraina 2025-yilda uzoq masofaga uchuvchi 30 ming dron ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Xususan Palianytsia va Peklo kabi gibrid rekta-dronlari o‘zining yuqori aniqligi bilan xalqaro doiralarda qiziqish uyg‘otgan.

Yakuni ko‘rinmayotgan urush mamlakatni yangi loyihalar va modellar ustida ishlashga undamoqda. Bu Kiyevni mazkur tarmoq yetakchilaridan biriga aylantirdi. Real janglarda sinovdan o‘tgan texnologiyalar o‘z qurolli kuchlarini arzon va ko‘p sonli dronlar bilan ta'minlash g‘amida yurgan Qo‘shma Shtatlarning manfaatlariga ham mos keladi.
Izoh (0)