“Nyukasl Yunayted” himoyachisi Valentino Livramentoni jamoada saqlab qolish klub rahbariyatining asosiy maqsadlaridan biriga aylangan. The Times nashrining yozishicha, jamoa 22 yoshli futbolchining “Manchester Siti”ga o‘tishiga qarshi.

Avvalroq “shaharliklar” Livramentoni yozgi transfer oynasida sotib olishni rejalashtirayotgani, hattoki unga 65 million funt sterling (taxminan 75 million yevro) taklif qilishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Manbaga ko‘ra, “Nyukasl” rahbariyati futbolchini jamoada saqlab qolish uchun uni eng yuqori maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylantirishni rejalashtirmoqda. Klub Livramentoga olti yillik yangi shartnoma taklif etishni mo‘ljallagan. Hozirda jamoaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisi — yillik daromadi qariyb 10 million yevroga teng bo‘lgan braziliyalik yarim himoyachi Bruno Gimarayesh hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsumda Valentino Livramento barcha musobaqalar doirasida 45 o‘yinda maydonga tushib, bir golli uzatma muallifiga aylangan. Uning “Nyukasl” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali himoyachining qiymatini 40 million yevroga baholagan.
Izoh (0)