Toshkentning Olmazor tumanidagi omborxonada joylashgan sig‘imdan 21-iyul kuni perekis vodorod moddasi ochiq havoga sizib chiqdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxt FVBga tumanning Uzumbog‘ ko‘chasida havodan oltingugurt hidi kelayotgani haqida xabar kelib tushgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda atrofni tumanga o‘xshash quyuq tutun qoplagani aks etgan videolar taqaldi. Bir nechta tez yordam mashinalari voqea joyiga qarab harakatlangan.
Bu vaqtda havo ifloslanishining “zararli” va “juda zararli” darajasi qayd etildi.

Voqea joyiga zudlik bilan Toshkent shahar FVBning Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik himoya bo‘limlari yetib borgan. Omborxonadagi sig‘imdan perekis vodorod moddasi ochiq havoga sizib chiqishi soat 04:00 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
May oyida Qo‘qondagi korxonada suyuq ammiak moddasini vagondan maxsus idishga o‘tkazilayotgan vaqtda shlangda yorilish hosil bo‘lib, taxminan, 10 foiz ammiak zavod hududiga sizib chiqqandi. Barcha fuqarolar va zavod ishchilari voqea joyidan favqulodda boshqa joyga ko‘chirilgan. 10 ga yaqin kishi tez tibbiy yordamga murojaat qilgandi.
19-iyul kuni tongda Navoiy shahri hududini changsimon tutun qopladi. Xuddi shunday holat 13-iyulda ham kuzatilgandi. Aholi orasida bu vaziyat “Navoiyazot” AJ faoliyati bilan bog‘liq degan xabarlar tarqaldi. Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi ham havoning ifloslanishida ushbu korxonani aybdor deb topdi. Korxona ayblovni rad etdi. Holatning asl sababchilarini aniqlab, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rishga chaqirdi.
Izoh (0)