Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyonni o‘ldirishga uringani uchun Isroil tovon to‘laydi. Bu haqda yuqori martabali eronlik mulozim Al Jazeera telekanaliga maʼlum qildi.

Pezeshkiyonning o‘zi uni o‘ldirishga urinishgani haqida maʼlumot bergan edi. Suiqasdga urinish 12 kunlik urush davomida yuz bergan. Prezident Isroil hujumlariga javob qaytarish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazayotgan bo‘lgan. Isroil uchrashuv o‘tkazilayotgan joyga zarba berishga uringan.
Ommaviy axborot vositalari aviahujum Eron Oliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan binoga berilganini taʼkidlagan. Manbalarga ko‘ra, Isroil bu operatsiyani “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohga uyushtirilgan suiqasdga o‘xshash usulda amalga oshirgan.
Isroil samolyotlari binoning kirish va chiqish joylarini nishonga olib, evakuatsiya yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Rasmiylar favqulodda chiqish eshigi orqali tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Pezeshkiyon aynan shu yerda oyog‘idan jarohat olgani aytilmoqda.
Prezidentni o‘ldirishga urinish Isroilning mamlakatdagi tuzumni ag‘darishga qaratilgan rejasining bir qismi edi, deya ta’kidladi eronlik amaldor.
Masʼud Pezeshkiyon Qo‘shma Shtatlarni bu voqeaga aloqador emas deb hisoblaydi.
Izoh (0)