Tayvan har yili o‘tkaziladigan “Xanguang” harbiy mashg‘ulotlarini bu yil eng yirik masshtabda o‘tkazadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mashg‘ulotlar 10 kun davom etishi rejalashtirilgan. Bu avvalgi yillarga qaraganda ikki baravar ko‘p. Rekord miqdordagi ishtirokchilar ham jalb qilinmoqda: 22 mingdan ortiq zaxiradagi askarlar muntazam qo‘shinlarga qo‘shiladi.
Xitoy Mudofaa vazirligining xabar berishicha, mashg‘ulotlar “misli ko‘rilmagan 10 kecha-yu kunduz o‘t ochish mashqlari” formatida o‘tkaziladi. Bu harbiylarga haqiqiy jangovar sharoitlarga imkon qadar moslashish imkonini beradi.
Mashqlar ko‘p bosqichli konfliktni “simulyatsiya” qiladi. Birinchi bosqichda harbiylar kiberhujum va iqtisodiy bosimga duch keladi. Keyin Tayvan qurolli kuchlari Xitoy Xalq ozodlik armiyasining “o‘t ochish zarbasi va desant guruhining dengizdan o‘tishini” qaytarishi kerak bo‘ladi.
Askarlar dushmanning ehtimoliy desant hujumi sodir etishi mumkin bo‘lgan hududlarda — ham qirg‘oq, ham shahar sharoitida jangovar taktikani mashq qiladi. Shu bilan birga, raketa hujumi va evakuatsiya holatida fuqarolik mudofaasi qanday amalga oshirilishi amaliyotdan o‘tkaziladi. Shu maqsadda poytaxt va yirik shaharlarda korxonalar faoliyati va transport harakati to‘xtatiladi.
So‘nggi yillarda Xitoy 2027-yil Tayvanga bostirib kirishi haqida taxminlar yuzaga kelgan. Bunday taxmin birinchi marta 2021-yilda ilgari surilgan edi.
Tayvan Mudofaa vazirligi 2025-yil mart oyida Xitoy 2027-yili mamlakatga hujum qilishi haqida aniq prognoz qilgandi. May oyida bo‘lib o‘tgan Shangri-La muloqoti xavfsizlik sammitida AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset yana bir bor shu sanada Xitoy Tayvanga hujum qilishi mumkinligini ta’kidlagan.
Izoh (0)