Angliyaning “Tottenhem” klubi yaponiyalik markaziy himoyachi Kota Takaini o‘z safiga qo‘shib oldi. Klub matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 20 yoshli futbolchi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolangan bo‘lib, kelishuv 2030-yilgacha amal qiladi.

Takai Yaponiyaning “Kavasaki Frontale” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida ilk bor 2022-yilning aprel oyida, atigi 17 yoshida debyut qilgan. Bu davr mobaynida u klub tarkibida 81 ta o‘yinda ishtirok etib, 4 ta gol urgan. Shuningdek, jamoaning 2023/24-yilgi mavsum OFK Chempionlar Ligasi finaliga chiqishida muhim rol o‘ynagan.
Yosh himoyachi 2024-yil sentabr oyida Yaponiya milliy terma jamoasi safida debyut qilgan bo‘lib, hozirgacha 4 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, Kota Takaining bozor qiymati 2,5 million yevroga teng.
Izoh (0)