2025-yil 23-iyun kuni poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba” bog‘i amfiteatrida katta tadbir — “Olmazor yoshlarni sevadi — Bitiruvchi 2025” shiori ostida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Tadbir tumandagi universitet, kollej va maktablar bitiruvchilariga bag‘ishlandi.

Mazkur konsert “Dolzarb 90 kun” va “Yoshlar oyligi” loyihasi doirasida tashkil etildi. Kechaning asosiy e’tibori — yoshlarning bayramona kayfiyati, ijodiy chiqishlari, zamonaviy musiqalar va estrada yulduzlarining sahnadagi shou dasturlarida jamlandi. Tadbir nafaqat bayram sifatida, balki yoshlarning jamiyatdagi faolligini yuksaltirish, ularga g‘amxo‘rlik muhitini yaratish, ular bilan ishlashdagi yangi yondashuvlarni namoyon etish imkoniyati sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Tadbir doirasida bitiruvchilar uchun maxsus bezatilgan “Bitiruvchi 2025” arkasi va qizil yo‘lak tashkil etildi. Yoshlar bu yo‘lakdan musiqa sadolari ostida o‘tib, o‘zlarining unutilmas yillariga xayr degan holda yangi hayot bosqichiga qadam qo‘ydi.



Bu daqiqalar ishtirokchilarning qalbida uzoq yillar saqlanib qoladigan yorqin va hissiyotlarga boy xotiraga aylandi. Ota-onalar, ustozlar va mehmonlar esa ularni olqishlar bilan kutib oldi va suratga oldi. Tadbir yoshlarga katta motivatsiya, ijobiy kayfiyat va kelajakka bo‘lgan ishonch ulashdi.

Tadbir doirasida yoshlar uchun tennis, shaxmat kabi turli sport o‘yinlari tashkil etildi. Bu esa ularning faol ishtirokini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qildi. Shuningdek, “VIA Marokand”, Yorqinxo‘ja Umarov, Ziyoda, Jahongir Poziljonov, Dilnoza va boshqa ko‘plab mashhur san’atkorlar tomonidan jonli ijroda kuy-qo‘shiqlar yangradi, bu esa kechaga yanada bayramona tus berdi.



Amfiteatrga yig‘ilgan yuzlab yoshlar uchun bu kecha nafaqat bayram, balki bir bosqich ortda qoldirilayotgan hayot yo‘lining ramziy yakunidir. “Bitiruvchi 2025” shunchaki tantana emas, balki yangi orzular, rejalar va mas’uliyatli bosqichlar oldidan kuch bag‘ishlovchi ruhiy tayyorgarlik sifatida ham baholandi.


Izoh (0)