Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 23-iyun kuni 43 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Qurbonlar orasida AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan G‘azo gumanitar jamg‘armasi (G‘GJ) tomonidan boshqariladigan yordam markazlarida oziq-ovqat olishga uringan kamida 20 nafar falastinliklar bor edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti jamg‘armani “qurolga aylantirilgani” uchun qoralab kelmoqda. Tibbiy manbalarga ko‘ra, urushda halok bo‘lgan falastinliklarning umumiy soni esa 56 mingdan oshgan.
Oziq-ovqat tarqatish punktlariga yordam olish uchun kelayotgan falastinliklar deyarli har kuni hujumga uchramoqda. Tanqidchilar ochlik kuchayib borayotgan va yaqinlashib kelayotgan ocharchilik inqirozi sharoitida bu markazlarni “odam kushxonalari” deb atagan.
Isroilning yordam markazlaridagi falastinliklarga hujumlari oqibatida 27-may kuni G‘GJ ish boshlaganidan beri 400 dan ortiq odam halok bo‘lib, 1000 ga yaqin kishi yaralangan. Shuningdek, Wafa agentligi G‘azo shimolidagi Jabaliya shahridagi turar joy binosiga Isroil tomonidan uyushtirilgan havo hujumi oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lgani va yana bir necha kishi yaralangani haqida xabar bergan. Yana 3 aka-uka Isroil kuchlari tomonidan G‘azo shimolidagi Bayt Lahiya hududidagi al-Salatin hududida vayron bo‘lgan uylarini tekshirish chog‘ida halok bo‘lgan.
G‘azo markazidagi al-Avda kasalxonasi 2 falastinlikning jasadini qabul qilgani va Saloh ad-Din ko‘chasi bo‘ylab to‘plangan olomonga Isroil zarbalari oqibatida jarohatlangan yana 35 kishini davolaganini ma’lum qilgan. Yaradorlarning 16 nafari og‘ir ahvolda bo‘lib, markaziy gubernatorlikning boshqa shifoxonalariga o‘tkazilgani aytilgan. Isroil artilleriyasi G‘azo shahri sharqidagi Shujayea mahallasini ham o‘qqa tutgan.
So‘nggi qurbonlar soni Isroil urush boshlanganidan beri hududda halok bo‘lganlar soni 56 mingdan oshgan, kamida 131 559 kishi yaralangan.
Energetika inqirozi
Norvegiya qochqinlar kengashi (NRC) ishonchli energiya manbalarining yo‘qligi G‘azoda omon qolish uchun asosiy tahdid ekanligi haqida ogohlantirmoqda. Elektr energiyasi va yoqilg‘i kabi “energetikadan foydalanishni qasddan uzib qo‘yish” anklavda “insonning asosiy ehtiyojlariga putur yetkazadi” deyiladi NRC hisobotida.
“G‘azoda energiya qulaylikni emas, balki omon qolishni anglatadi. Odamlar ovqat pishirolmay qolsa, shifoxonalar qorong‘ilashsa, suv nasoslari ishlamasa, buning oqibati ayanchli bo‘ladi. Xalqaro hamjamiyat barcha gumanitar sa’y-harakatlarda energiyani birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak”, dedi NRC ijrochi direktori Benedikt Giaever.
Hisobotda ta’kidlanishicha, elektr energiyasi yo‘qligi G‘azodagi sog‘liqni saqlash muassasalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shoshilinch jarrohlik amaliyotlarini kechiktirishga to‘g‘ri kelmoqda. Sun’iy nafas olish apparatlari, inkubatorlar va dializ apparatlari ishlamayapti.
Izoh (0)