Davlat xizmatchisining sovg‘a bilan bog‘liq talablarga rioya etilmaganlik uchun javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.
2023-yilning mart oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. Ushbu nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi qayd etilgan. Lekin aynan qanday jazo qo‘llanishi ko‘rsatib o‘tilmagan.
“Daryo” nashri tomonidan nizom tasdiqlangandan buyon qancha davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan chora ko‘rilgani haqidagi so‘rovga agentlik matbuot xizmati quyidagicha javob berdi:
Joriy yilning 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida prezident tomonidan berilgan topshiriq va vazifalar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi doirasida davlat xizmatchisining sovg‘a bilan bog‘liq talablarga rioya etilmaganlik uchun javobgarligi masalasi hal etilmoqda.
Davlat xizmatchisi sovg‘ani qay tartibda olsa bo‘ladi?
Davlat fuqarolik xizmatchisi O‘zbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olishi mumkin.
O‘zbekistondagi boshqa xizmat safarlarida sovg‘a olishi mumkin emas.
Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovg‘a quyidagi talablarga javob berishi kerak:
🔹milliy qonunchilikda taqiqlanmagan ashyolar bo‘lishi;
🔹sovg‘a xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan bo‘lishi;
🔹sovg‘a ochiq va oshkora qabul qilinishi;
🔹davlat organining obro‘siga putur yetkazmasligi;
🔹manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘ani tadbirdan kelgandan so‘ng 3 ish kunida xo‘jalik bo‘limiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi.
Sovg‘aning qiymati aniq bo‘lmasa, xo‘jalik bo‘limi uni baholaydi va uning qiymati BHMning 4 baravaridan (1,5 million so‘mdan) ko‘p bo‘lmasa, sovg‘a davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.
Sovg‘a qiymati BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lsa, u moliya-iqtisod bo‘linmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda davlat organi ehtiyoji uchun foydalaniladi.
Tez yaroqsiz holga keluvchi sovg‘alar (gul, shirinliklar), shuningdek, kanselyariya to‘plamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovg‘a sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovg‘alar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.
Mazkur nizom talablari barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi.
Izoh (0)