Nyu York universiteti talabaga diplom berishdan bosh tortdi. Sababi u 14-may kuni bitiruv nutqi so‘zlayotganida G‘azodagi genotsidni qoralagan. Bu haqda CNN xabar berdi.

“Bugun barchangizga murojaatimda qalbimdagilarni to‘kib sochar ekanman, hozirda Falastinda sodir bo‘layotgan vahshiyliklarni eslab o‘tmaslikning iloji yo‘q. AQSH bu urushni siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Bizning to‘lagan soliqlarimiz ham shu urushga ketmoqda”, dedi Logan Rozos o‘zining bitiruv nutqida.
Talaba birinchi marta G‘azoni tilga olganida olomon orasida olqishlar yangragan, ba’zi universitet o‘qituvchilari qarsak chalishgan. Hushtak ovozlari ham yangragan. Universitet talabaning diplomini bermay, ushlab turganini va intizomiy choralar ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Tramp ma’muriyati falastinparast namoyishlarda qatnashayotgan talabalarga qarshi jazo choralarini ko‘rib kelmoqda. 2025-yil boshida Nyu York universiteti Adliya vazirligi tomonidan “antisemitizmni boshidan kechirgan” universitetlar qatoriga kirgan.
Amerika-Islom munosabatlari kengashi bu voqeaga ijobiy fikr bildirib, Nyu York universitetini talabaning diplomini berishga chaqirdi. Kengash bu kabi intizomiy choralarni Amerika erkinliklari va xalqiga xiyonat, deb atagan.
2024-yili Nyu York universitetida shunga o‘xshash norozilik namoyishlari o‘tkazilgani sababli talabalar va o‘qituvchilar hibsga olinib, ularga 180 dan ortiq sud ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)