O‘zbekistonda bir qator restoranlar sport translyatsiyalarini litsenziyasiz efirga uzatgani aniqlanib, Adliya vazirligi tomonidan rasmiy ogohlantirildi. Ushbu holat Buyuk Britaniyaning Eurasian Broadcasting Enterprise Limited kompaniyasi murojaati asosida o‘rganilgan. Mazkur kompaniya Setanta Sports telekanallari mualliflik huquqlari egasi hisoblanadi.

Adliya vazirligi tekshiruvlari davomida “Bavaria Plaza”, “Guten”, “Dudek”, “Мята”, “Brasserie” va “Woodu” restoranlarida mualliflik huquqi egasining ruxsatisiz sport translyatsiyalari namoyish etilgani aniqlangan. Barcha ushbu muassasalarga mualliflik huquqlarni buzmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirishlar berilgan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontentni jamoat joylarida (restoran, kafe, bar va boshqalar) ko‘rsatish uchun huquq egasidan maxsus ruxsat yoki litsenziya olinishi shart. Aks holda, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, huquqbuzarlar 20 baravardan 1000 baravargacha bazaviy hisoblash miqdorida (8,24 million so‘mdan 412 million so‘mgacha) miqdorda kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin.
Adliya vazirligi barcha ommaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari, xususan restoran va kafelarga sport va boshqa dasturlarni efirga uzatishda mualliflik huquqlariga qat’iy rioya qilishni tavsiya qildi.
Izoh (0)