Turkiyaning Qushadasi shahridagi mehmonxonalardan birida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq qo‘riqchisi jasadi topildi. Bu haqda Turkiye xabar berdi.
Besh yulduzli mehmonxonada 50 yoshli Mahir Mamedovning jasadi turmush o‘rtog‘i tomonidan aniqlangan. Mamedov oilasi bilan Qushadasiga dam olish uchun kelgan. 27-avgust kuni u nonushtadan keyin mehmonxona nomeriga ko‘tarilgan, xotini bilan o‘g‘li esa aylangani ketgan. Ular qaytib kelishganida xonada jasadni aniqlagan.
“Xabar olingach, mehmonxonaga 112 tez tibbiy yordam brigadasi va politsiya yuborildi. Tibbiyot xodimlari o‘tkazgan ko‘rik natijasida Mahir Mamedovning vafot etgani aniqlandi. Ma’lum muddat Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning shaxsiy qo‘riqchisi bo‘lgan Mahir Mamedov o‘limining aniq sababini aniqlash uchun uning jasadi Izmirdagi sud-tibbiyot o‘likxonasiga yuboriladi va u yerda murda yorib ko‘riladi”, deb yozmoqda Turkiya ommaviy axborot vositalari.
Ta’kidlanishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)