O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochdi.
O‘zbek va qozoq oliygohlari filiallarining o‘zaro ochilishi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanayotganidan yana bir dalolat bo‘ldi.
Mazkur taʼlim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan texnik yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari “Sian — Xorg‘os — Olmaota — Sariyog‘och — Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham ishtirok etdi.
Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston—Xitoy terminalidan “Xorg‘os” quruqlik portiga yo‘l oldi. U yerda konteynerlar qayta ortildi va Qozog‘iston temiryo‘llari bo‘ylab “Sariyog‘och” stansiyasi orqali so‘nggi manzilga – “Toshkent” stansiyasiga jo‘natildi.
Ushbu yo‘nalish yuk tashish vaqtini qisqartirib, savdo hajmini oshirishga kuchli turtki beradi.
Izoh (0)